Hokim faollarni markaziy shifoxonaga olib bordi
Ha, shunday. Paxtachi tumani hokimi xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari va faollar bilan birga tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan tanishdi.
- Keyingi yillarga tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tiborni hammamiz ko‘rib turibmiz, eshityapmiz, o‘zimiz ham bu jarayonda ishtirok etyapmiz, – deydi tuman hokimi Muzaffar Hamdamov. – Respublika va viloyat byudjetidan tashqari, mahalliy byudjetdan ham salmoqli mablag‘ ajratilyapti. Tuman byudjetining oshirib bajarilgan qismi va orttirilgan mablag‘lari hisobidan ham Kengash qarori bilan tibbiyot uchun pul beryapmiz. Xo‘sh, buning natijasi qanday bo‘lyapti? Men-ku bundan xabardorman, vaqti-vaqti bilan tibbiyot birlashmasiga borib, sharoitni o‘rganaman, yangi jihozlardan qanday foydalanilayotgani bilan qiziqaman, bemorlar va ularning yaqinlari fikrini eshitaman. Lekin deputatlarimiz, tumanimiz faollari-chi? Ular o‘zgarishlar va yangiliklardan boxabarmi? Ana shu savol sabab tuman markaziy shifoxonasiga borib, holat bilan yaqindan tanishishga qaror qildik.
Viloyat markazidan 100 kilometr olisdagi tuman aholisi salomatligidagi muammo yuzasidan Samarqand shahriga kelib-ketishi qiyin. Navoiy viloyati yaqin bo‘lgani bilan boshqa hudud, aholi ko‘plab tibbiy xizmatlardan bepul va imtiyozli foydalanishi uchun o‘z yashash joyidagi muassasalarga murojaat qilishi kerak. Shunday bo‘lgach, 152 mingdan ko‘proq paxtachiliklarga tumanning o‘zida nafaqat birlamchi, balki ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish talab etiladi. Keyingi yillarda tuman tibbiyot birlashmasida olib borilayotgan ishlar ana shu talabdan kelib chiqmoqda.
– O‘tgan yil bolalar bo‘limi, fizioterapiya, qon qo‘yish bo‘limlari binolari ta’mirlandi, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bazasida bolalar bo‘limi ochildi, – dedi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Suvonov. – Fizioterapiya bo‘limiga o‘n turga yaqin yangi zamanoviy apparatlar olib kelindi. 2 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, markaziy shifoxonaning oqova tizimi yangilandi. Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar, o‘tkir yurak-qon tomir kasalliklari, gemodializ markazlari tashkil qilinishi ushbu turdagi xastaliklardan aziyat chekadigan bemorlarning Samarqand yoki Navoiy shahriga borib, davolanishiga chek qo‘ydi. Tug‘ruq majmuasi barcha zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Tez yordam xizmati takomillashdi. Markaziy shifoxonamizda shu paytgacha tumanlarda bo‘lishi orzu hisoblangan multispiral kompyuter tamograf (MSKT) apparati olib kelindi. Shuningdek, mobil rentgen, laporaskop uskunalar, yangi operatsion stol va boshqa jihozlar aholi ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini bir necha barobar oshirdi.
Tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 4 ta oilaviy poliklinika va 7 ta oilaviy shifokorlik punktida 130 o‘rindan iborat kunduzgi statsionar, shifokor oldi ko‘rik xonalari tashkil etildi. Shu paytgacha uzoq masofaga qatnab, birlamchi tibbiy xizmatdan foydalangan aholiga qulaylik yaratish maqsadida 12 ta olis hududda konteynerlardan iborat tibbiy punktlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Hokim boshchiligidagi tuman faollari birlashmaning xo‘jalik ishlari faoliyatigacha tanishdi. Tanishuv jarayonida markaziy shifoxona va boshqa tibbiy muassasalar faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi, chora-tadbirlar belgilandi.