Yuz yillik maskanda an’analar o‘zgarmagan

Tibbiyot xodimlari kuni oldidan Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi tashkil etilganining 100 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Samarqand shahar hokimligi mas’ullari, tibbiyot sohasi fidoyilari, keng jammoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Bu dargohdagilar bilan suhbatlashsangiz, gapni albatta ustozlaridan boshlaganiga guvoh bo‘lasiz. Maskandagi o‘zgarishlar, tibbiyotdagi yangiliklar ular uchun qanchalik muhim bo‘lmasin, so‘z olgan shifokoru, hamshira ham, avvalo, ustozlari amalga oshirgan ishlar, ularning tajribalari haqidagi fikrlarini alohida faxr bilan so‘zlab berishi, bu dargohdagi iliq muhit haqida xulosa berishga undaydi. Ushbu tibbiyot muassasasida "Ustoz-shogird" an’analari ulug‘langan holda ish faoliyati amalga oshirilayotganidan dalolat beradi bu suhbatlar. Ehtimol, shuning uchundir, bu yil 100 yoshini nishonlayotgan Samarqand shahar markaziy shifoxonasi bu sanani yorug‘ yuz va ulkan tibbiy yangiliklar bilan kutib olayotgandir.

- Bu dargohda har yili 16 mingga yaqin bemor davolanib chiqadi, 5 mingga yaqin inson jarrohlik orqali dardiga darmon topadi, - deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi rahbari Ahmadjon Bobojonov. - Aytish kerakki, shu 16 mingga yaqin bemorning ko‘pchiligi boshqa viloyat va hatto respublikalardan ham davo izlab kelmoqda. Xo‘sh, ularning bu maskanni tanlashiga nima sabab bo‘lyapti, degan savolga men bu yerda yaratilgan maktab, deb o‘ylayman. Shifoxonamizda uzoq yillardan beri o‘z vazifasini mas’uliyat, aytish mumkinki, katta burchday qabul qilib faoliyat ko‘rsatayotgan, yosh mutaxassislarga ham kasb sirlarini beg‘araz o‘rgatayotgan ustozlar tufayli bugun ushbu maskan o‘z o‘rni va obro‘yiga ega.

Samarqand davlat tibbiyot universitetining qator kafedralari tibbiyot muassasamizda faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, viloyatda yagona bo‘lgan bo‘limlarimiz ham bor. Xususan, ular orasida alllergologiya, kuyish, yiringli xirurgiya kabi qator bo‘limlar viloyat miqyosida faqat bizning tibbiy muassasamizda faoliyat ko‘rsatadi.

To‘g‘ri, keyingi yillarda shahar shifoxonasida shart-sharoitlar yaxshilandi, moddiy-texnik baza tubdan yangilandi, dori-darmon ta’minoti bir necha baravarga oshdi. Bularning hammasi davlatimizning tibbiyotga qaratayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi tufaylidir. Ammo mas’uliyatli va bilimli shifokorlargina bu zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda bemorlarga sifatli yordam ko‘rsata oladi. Qolaversa, ushbu jamoada har bir xodim bu maskanni o‘z oilasiday, mehr bilan qabul qilgan holda faoliyat yuritishi ham ish unumiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda shahar markaziy shifoxonasi tashqi ko‘rinishi ham, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda ham katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bundan yuz yil avval, 1924 yilda o‘n chog‘li tibbiyot xodimi bilan ish boshlagan shahar shifoxonasi bugun yuzlab shifokorlaru, yigirmaga yaqin bo‘limlari, malakali tibbiyot xodimlari, tibbiyot fanlari nomzodi, professorlari bilan aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda davom etmoqda.

- Ushbu dargohda 1979 yildan beri ishlayman, - deydi urolog shifokor Zuhriddin Kamolov. – Faoliyatim davomida ko‘plab ulug‘ olimlarning ilmidan, tajribasidan bahramand bo‘ldim, doim ularga o‘xshashga intildim. Professorlar A.Shvedler, O.Mamishev kabi ustozlarimiz ishlagan maskanda ishlash men uchun doim faxr bo‘lgan. Shifoxonada uzoq yillar urologiya xizmati jarrohlik bo‘limi tarkibida faoliyat olib borgan bo‘lsa, 1995 yilga kelib, urologiya bo‘limi ochildi. Shundan beri urologik xizmat nafaqat shahar, balki viloyat, boshqa respublikalar aholisiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ilgari bitta palatada olti kishilab bemorlar yotib davolanishga majbur edi. Hozirda bitta palatada 2-3 kishi davolanadi, sharoitlar tubdan o‘zgardi, issiq-sovuq suv va boshqa xizmatlar ancha yaxshilandi.

- Bundan bir necha yil avval yuz-jag‘ jarrohligi bilan bog‘liq operatsiyalarning aksariyati, xorijda yoki Toshkentdagina amalga oshirilardi, bemorlarimiz ham faqat imkoniyati borlarigina chetda davolanishi mumkin edi, - deydi yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limi shifokori Alisher Ahrorov. - Bugunga kelib mana, biz bir necha yildan beri orzu qilgan operatsiyalarning aksariyati o‘zimizda bo‘lyapti. Xodimlarning chet davlatlarda malakasini oshirib kelishi, shart-sharoitlarning tubdan o‘zgarishi tufayli aksar xastaliklar o‘zimizda davolanyapti. Xususan, ilgari asosan bemorlar Rossiyaga borishiga majbur bo‘lgan pastki jag‘ bo‘limni alishtirish jarayoni ham o‘zimizda amalga oshirilyapti.

Tibbiyot maskani xodimlari bilan suhbatlashar ekansiz, ular bu yer joylashuvi jihatidan ham kishini hayratga solishi, sababi qishda issiq, yozda salqin o‘ziga xos bir tabiati mavjudligini aytib qolishdi. Qolaversa, tuprog‘iga nima qadasangiz, yaxshi unib, chiroyli manzara hosil qiladi, deya zavq bilan gapirib berishadi maskan xodimlari.

Suhbatlar jarayonida bu yerda 100 yillik an’ana va qadriyatlarga sodiq holda, shu bilan bir qatorda zamonaviy tibbiy xizmatning eng ilg‘or usullarini qabul qilib mehnat qilayotgan jamoa haqida iliq taassurot uyg‘ondi.

Nima bo‘lganda ham bu maskan haqida shu yerda davolanib chiqqan bemorlar yanayam yaxshiroq bilishadi, izohlarda ularning fikrlarini kutib qolamiz.

Gulruh Mo‘minova.