Samarqandlik ijodkorlar ko‘krak nishoni va xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvoni bilan taqdirlandi
YuNESKOning 43-sessiyasi doirasida viloyat musiqali drama teatrida madaniyat va san’at sohasi vakillarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda yurtimiz madaniyati va san’ati ravnaqi yo‘lida ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ijodkorlar unvon va ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Marosimda so‘z olganlar ta’kidlashicha, bunday e’tiroflar nafaqat ijodkorlar faoliyatiga berilgan yuksak baho, balki ularning yosh avlod uchun ibrat bo‘ladigan mehnatsevarligi va vatanparvarlik tuyg‘usining amaliy ifodasidir.
YuNESKOning fan, ta’lim va madaniyat masalalari qo‘mitasi qaroriga binoan bir qator soha namoyandalariga «Xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvoni berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan bir guruh fidoyi ijodkorlar «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mukofotlarni O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov tantanali ravishda topshirdi. U madaniyat va san’at sohasidagi bunday e’tiroflar ijodkorlarni yangi g‘oya va loyihalar sari ilhomlantirishini ta’kidladi.
Marosimda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov ham YuNESKO tomonidan «Xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvoni bilan taqdirlandi.
- Bu mukofot men uchun katta sharaf va bir vaqtning o‘zida mas’uliyat hamdir, - dedi Erkin Qaytarov. - YuNESKO kabi nufuzli tashkilot tomonidan mehnatimning e’tirof etilishi meni yanada yangi ijodiy izlanishlar, xalqimiz madaniy hayotini boyitish yo‘lida fidokorona mehnat qilishga ruhlantiradi.