Olimlar urug‘lik kartoshka yetishtiryapti

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida “O‘zbekistonda kartoshka urug‘chilik tizimini yanada rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish” xalqaro loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlagan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Janubiy Koreyaning Xalqaro bog‘dorchilik instituti vakillari, soha mutaxassislari, institut professor-o‘qituvchilari va kartoshkachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.

- Loyiha boshlanganda, bugungi holatga kelishini tasavvur qilmagandim, - dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuhurov. - Mamlakatda kartoshka urug‘chiligi bo‘yicha muammolar bor edi. Bu borada avval ishlar boshlangan bo‘lsa-da, davom ettirilmagan. Mana, bugun institut olimlari Janubiy Koreya olimlari bilan hamkorlikda samarali ishlarni yo‘lga qo‘ydi, ya’ni O‘zbekiston sharoitida ham urug‘lik kartoshka yetishtirish mumkinligini isbotladi. 2030 yilga borib biz O‘zbekistonda to‘liq kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, loyiha sohaga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori (PQ-269) hamda hukumatning bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida o‘z faoliyatini boshlagan edi. Buning natijasida esa institutda kartoshka tuganaklarini laboratoriyada yaratishdan tortib gidroponika usulida yetishtirish, uni qulay sharoitda saqlashgacha bo‘lgan butun boshli tizim shakllantirildi. 

Seminar davomida O‘zbekiston urug‘lik kartoshka yetishtirishning hozirgi holati va kelgusi rejalar, loyiha doirasida bajarilayotgan ishlar haqida ma’ruzalar tinglandi. 

Yakunda esa Koreya Xalqaro bog‘dorchilik instituti mutaxassisi Cho Hyun Mook urug‘lik kartoshka yetishtirish tizimining bosh rejasini taqdimot qildi. Ekspert bosh reja institutda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari ishtirokida mamlakatda sohaning holati ilmiy o‘rganilishi natijasida ishlab chiqilganini ta’kidladi. Koreyalik olim yaqin yillarda kartoshkachilikda yuqori natijalarga erishish kutilayotganini aytdi.

Tadbir so‘ngida mehmonlar institutda loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.