Tez tibbiy yordam yetib borgunga qadar, bemorning yaqinlariga telefonda maslahat berib turish yo‘lga qo‘yiladi
Prezident soha oldida turgan vazifalarni belgilab berdi. Jumladan:
- joriy yil 1 iyuldan yagona vertikal boshqaruv asosida “103” Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning viloyat filiallari tashkil etiladi;
- tumanlarda chaqiruvlarni qabul qilish dispetcherlik xizmati tugatilib, viloyatlarda yagona Koll-markaz tashkil etiladi;
- tez tibbiy yordam ko‘rsatish bir tuman hududida emas, masofaga qarab butun viloyat bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi;
- Koll-markazda operatorlar bilan birga alohida tibbiyot-maslahat brigadasi faoliyat olib boradi.
Ya’ni, tez yordam brigadasi yetib borguniga qadar ularga bemorning ahvoli haqida xabardor qilib turish, oila a’zolariga og‘ir ahvoldagi bemorga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha telefon orqali maslahat berish bilan shug‘ullanadi.
Tez yordam xizmatini tashkil etish va raqamlashtirish uchun 85 milliard so‘m va Jahon bankidan jalb qilingan 5 million dollar yo‘naltiriladi.
Shuningdek, viloyat koll-markazlari tizimiga tez tibbiy yordam xizmati mavjud xususiy klinikalar ham ulanadi. deya xabar bermoqda Prezident matbuot kotibi.