Samarqandda “Men donorman” aksiyasi tashkil etildi

Butun dunyoda 15-fevral bolalar saraton kasalligiga qarshi kurashish, ularni qo‘llab-quvvatlash va hayoti uchun olib borilayotgan jasoratli kurashda birdamlikni namoyon etish kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana jamiyat e’tiborini og‘ir xastalikka chalingan bolalar muammolariga qaratish, ularga mehr-shafqat, umid va ishonch bag‘ishlashga xizmat qiladi...

Ushbu sana munosabati bilan yoshlar o‘rtasida insonparvarlik, ijtimoiy mas’uliyat va o‘zaro yordam tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat Kengashi hamda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi tomonidan “Men donorman” aksiyasi doirasida “Ezgulik albatta qaytadi” shiori ostida qon topshirish xayriya tadbiri tashkil etildi.

Mazkur xayriya aksiyasining asosiy maqsadi — saraton kasalligiga chalingan bolalarni davolash jarayonida zarur bo‘lgan qon va qon komponentlari zaxirasini to‘ldirish, shu orqali ularning sog‘ayish yo‘lidagi imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi. Tadbirda viloyat kasaba uyushmalari Kengashi xodimlari, turli soha vakillari, yoshlar va faol jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdilar.

Tadbir davomida saraton kasalligiga qarshi kurashayotgan bolalar va ularning oilalariga ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish, jamiyatda xayriya va saxovat madaniyatini yanada rivojlantirish muhim ekani alohida ta’kidlandi. “Ezgulik albatta qaytadi” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu aksiya ishtirokchilari ezgu amal orqali nafaqat bemor bolalar hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shdilar, balki jamiyatda mehr-oqibat va birdamlik muhitini mustahkamlashga ham xizmat qildilar.

Shuni alohida qayd etish joizki, bunday xayriya tadbirlari yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, inson taqdiriga befarq bo‘lmaslik, jamiyat oldidagi mas’uliyatni chuqur anglash kabi fazilatlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Donorlik — bu shunchaki tibbiy amal emas, balki yuksak insoniylik, bag‘rikenglik va hayotga umid bag‘ishlash timsolidir.

15-fevral munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur xayriya aksiyasi ezgulik, saxovat va birdamlik g‘oyalarini yana bir bor namoyon etib, jamiyatimizda inson qadri va salomatligi eng oliy ne’mat ekanini amaliy ishlar orqali tasdiqladi. “Men donorman” aksiyasi doirasidagi bunday tashabbuslar kelgusida ham izchil davom ettirilishi, yanada keng qamrovli tus olishi shubhasiz.