Konfet niqobidagi og‘u
Narkojinoyatchilik insoniyat uchun yangi global xavf-xatarga aylanmoqda. So‘nggi salbiy tendensiyalarga ko‘ra, iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay bo‘lgan sintetik narkotiklar an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallamoqda.
Ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz beryapti. Sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz shaklda o‘tkazilmoqda, narkotiklarni tarqatish manbasi bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyat kasb etib bormoqda.
Yaqinda Bojxona qo‘mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi, “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda aniqlangan holatda ham narkotik moddalarni transchegaraviy o‘tkazish va yashirin narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi.
Gap shundaki, Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli fuqaro nomiga Niderlandiyadan yuborilgan xalqaro kurerlik jo‘natmasida hujjatlarga ko‘ra, turli konfetlar yuborilgani aniqlandi. Ammo sirtdan qaraganda beziyon va bejirim ko‘ringan bu konfetlar bojxona xodimlarini shubhalantirdi.
Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasida o‘tkazilgan ekspertiza shubhalarni tasdiqladi. Jo‘natmadagi konfetlar aslida og‘u – 1 kg. 351 gr. “klefedron” sintetik narkotik moddasi ekanligi aniqlandi.
Masalaning ayanchli jihati, o‘z nomiga jo‘natma yuborilgan shaxs 10 million so‘m pul evaziga o‘zining nomiga jo‘natma yuborilishiga, u esa jo‘natmani qabul qilib olib, boshqa shaxsga yetkazishga rozi bo‘lgan.
Tezkor tadbir davomida jo‘natmani ushbu shaxsdan qabul qilib olishi kerak bo‘lgan 36 yoshli boshqa bir fuqaro ham qo‘lga olindi va uning Yashnobod tumanidagi xonadoni ko‘zdan kechirildi.
Natijada, xonadonda giyohvandlik moddalarini tayyorlash va taqsimlash uchun yashirin narkolaboratoriya tashkil etilganligi fosh bo‘ldi.
Narkolaboratoriyadan 5,3 kg. og‘irlikdagi sintetik narkotik moddalar, ularni tayyorlashda foydalanilgan turli kolbalar, polietilen o‘ramlar, mikser, turli kimoviy suyuqliklar va boshqa asbob-uskunalar daliliy ashyo tariqasida olib qo‘yildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, respublikamz bojxonachilari o‘tgan yilda va joriy yilda jami 7 ta yashirin narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yishgan.