Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, buning uchun jinoiy jazo kuchaytiriladi

Avval jazo yengilmidi? Umuman, bu harakatga, tabiiyki, uning ortidan katta xarajatga zarurat bormi? Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan tanishgan kishida shunday savollar tug‘ilishi tabiiy.

Ammo jiddiy o‘ylab ko‘rilsa, savollar o‘rinsiz ekanligini anglash mumkin. Zotan, so‘nggi yillarda narkojinoyatchilik butun insoniyat uchun yangi global xavf-xatarga aylanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 400 milliondan ortiq odam bu illatga duchor bo‘lgan, oqibatda yiliga 300 mingga yaqin inson giyohvandlik sababli vafot etyapti.

Menga nima(mi)?

Ha, narkotik moddalar bilan bog‘liq holat haqida gap ketganda, garchi yuqorida qayd etilgani kabi ayanli raqamlar bo‘lsa ham shunday xulosa qilishga odatlanganmiz. Negaki, yurtimizda bunday turdagi vositalar tayyorlanishidan tortib, tarqalishi-yu iste’moligacha jiddiy qarshi kurashiladi.

Afsuski, mazkur illat mamlakatimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Yil boshidan 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolingan. Bunday jinoyatlarning shakl va turlari yildan-yilga ko‘payib, qamrovi ortib bormoqda.

Ammo... Keyingi paytlarda an’anaviy narkotiklar o‘rnini iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar egallayotganini eshitib, bilib yuribsiz. Ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz berayotgani ham bugun ko‘pchilikka sir emas. Sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz shaklda o‘tkazilmoqda. Narkotiklarni tarqatish manbasi bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyatga ega.

Shuning uchun ham bizda bu masalada vaziyat barqaror bo‘lsa-da, bugundan boshlamasak, yangi turdagi jinoyatchilik, yangi turdagi narkotiklar aynan yoshlar, aynan voyaga yetmaganlar orasiga kirib kelishi xavfi mavjud.

Tabiiyki, bunday sharoitda narkojinoyat va giyohvandlikka qarshi kurashishni kompleks ravishda tashkil qilish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifaga aylanadi.

– Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi, – dedi davlatimiz rahbari.

Zarur choralar belgilanmoqda

Mutasaddilar narkotiklarning noqonuniy aylanishiga barham berish bo‘yicha reja va takliflarini Prezidentga taqdimot qildi. Jumladan, aholi salomatligi va millat genofondini ushbu xavfdan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar hamda mexanizmlar taklif sifatida kiritildi.

Bunda o‘quvchi va talabalar orasida narkotiklarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan ta’sirchan amaliy harakatlarni amalga oshirishni barcha mas’ul organlar va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash zarurligi alohida qayd etildi.

Birinchi navbatda, yoshlar orasida narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qat’iy barham berish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni og‘irlashtirish, narkotiklarni internet orqali tarqatish, uyushgan guruhlar va narkolaboratoriyalar, ularga rahnamolik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash va chek qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlar orasida giyohvandlikning diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimi tubdan takomillashtiriladi.

Taqdimotda 100 dan ziyod tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy, targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasi davlat rahbari tomonidan ma’qullandi hamda bu borada uzluksiz ishlash tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Qonunchilik ham yangilanadi

Avval jazo yengilmidi? “Ijtimoiy tarmoq faollari”dan birining shunday savolidan hayron qolmadim. Chunki tarmoq foydalanuvchilari-ku tushunarli, ammo unda o‘zini faol sanaganlar ham masalani o‘rganib ko‘rmasdan xulosa chiqarmoqda.

Aslida gap bu yerda qonunlarimizdagi jazo avval qanday bo‘lgani va kelajakda qanaqa o‘zgarishida emas. Takror bo‘lsa-da aytish kerak, narkotik vositalarning o‘zi, tarqalish uslubi, tayyorlanishi butunlay o‘zgarib boryapti. Demakki, qonunchilikni ham shunga monand yanglash kerak. Jumladan, voyaga yetmaganlarni va yoshlarni narkojinoyatlardan himoya qilish maqsadida:

- har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan yoki ularni jalb qilgan holda sodir etish jinoiy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida qayd etiladi;

- voyaga yetmagan shaxsni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanadi;

- ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ta’lim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari 2 baravargacha og‘irlashtiriladi;

- voyaga yetmagan shaxslarni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni aynan ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ularga tutash hududlarda iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik kiritiladi.

Bundan tashqari, ayrim narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Loqaydligimiz pand bermasin!

Ha, davlat rahbarining millat genofondini saqlash borasida imzolagan hujjati aksar tarmoq va nashrlarda narkojinoyatchilik uchun jazo choralari kuchaytiriladi, degan mazmunda targ‘ib qilindi.

Aslida hujjatning asl mazmuni faqat bugina emas. Chunki unda O‘zbekistonda muomalasi cheklangan prekursorlar ro‘yxatini xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda kengaytirish choralarini ko‘rish belgilandi. Uni soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan yangilab borish (to‘ldirish) mexanizmlari joriy etiladigan bo‘lyapti.

Va prekursorlarning qonuniy muomalasini tartibga solish hamda ular ishlab chiqarilishidan (xorijdan keltirilishidan) boshlab realizasiya qilinishigacha (tranzit o‘tishi, mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish, sotish, saqlash, berish va boshqa) bo‘lgan barcha jarayonlarni elektron nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi qat’iy davlat nazorati o‘rnatiladi.

Eng muhimi, bu ishga jamoatchilikni ham faol jalb qilish belgilandi. Ya’ni, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabar bergan yoki aniqlashga ko‘maklashgan fuqarolarni munosib rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.

Endiyam, beparvo bo‘lsangiz, unda bilmadik!

Yo.Marqayev tayyorladi.