Samarqandda giyohvand modda sotuvchilari qo‘lga olindi

DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB hamkorligida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida kelishilgan "savdo"lar nihoyasiga yetmay qoldi.

Xususan, ushbu tadbirlar davomida Payariq tumanida yashovchi O.Sh. o‘zining xonadonida noqonuniy ravishda narkotik moddalarni saqlab, shu tumanda yashovchi jinoiy sheriklariga sotib kelayotganligi aniqlangan. Holat yuzasidan O.Sh.ning uyi va yordamchi xo‘jaliklarida o‘tkazilgan tintuv tadbiri davomida esa kelgusida sotish va o‘zining iste’moli uchun saqlab kelayotgan 58 gr. miqdoridagi “ko‘knori” giyohvandlik moddasi topilib, xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari oldi-sotdisi bilan bog‘liq yana bir holat Samarqand shahrida ham aniqlangan. Xususan, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash yo‘nalishida olib borilgan tezkor tadbirlar jarayonida Samarqand shahrida yashovchi A.M. va turmush o‘rtog‘i M.X.lar “Reduksin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yashirin ravishda saqlab, ularni ushbu dori vositalari iste’moliga qaram bo‘lgan shaxslarga sotish hamda ularga yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan Samarqand shahri Universitet xiyobonida o‘tkazilgan faol tadbir natijasida, M.X. mahalliy fuqaroga 5 quti “Reduksin” dori vositasini 950 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Shundan so‘ng, M.X.ga tegishli bo‘lgan "Moxi-Shop" nomli savdo do‘koni ko‘zdan kechirilganda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotgan jami 5 688 dona: tarkibida "subutramin" moddasi bo‘lgan 900 dona kapsuladagi "Reduksin layt”, "Lipotrim" nomli 540 dona, "Spirulina" tabletka 144 dona, "Fit 90" nomli 360 dona, "Seksualnaya figura" nomli 432 dona, "Lishou" nomli 72 dona, "B-Fit" nomli 180 dona, “Shafran diet” nomli  504 dona, “Gold Puma” nomli 324 dona, “Blec panter” nomli 72 dona, "Sinzishou" nomli 408 dona, "Max slim" nomli 72 dona, "Pro Lipolytic" nomli 1680 dona, "Uzmax" nomli 1o 440 dona dori vositasilari protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.