Samarqandda 5 kilogramga yaqin giyohvandlik moddalari aylanmasiga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizligi xizmati hamda viloyat ichki ishlar boshqarmalari xodimlari Urgut tumanida narkotrafikka qarshi kurash yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbirda tumanda yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan S.S. mahalliy fuqaroga 600 AQSh dollari evaziga 6,76 gramm “geroin” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Tadbir davom ettirilib, S.S.ning yashash xonadonidan 957,53 gramm “geroin”, 2 kilogramm 614,51 gramm “opiy”, 285,6 gramm “gashish” va 758,5 gramm “marixuana” giyohvandlik vositalari topildi.
Shuningdek, S.S. ning jinoiy sherigi, Urgut tumanida yashovchi 1976 yilda tug‘ilgan X.A. o‘z yashash manzilida 2,84 gramm “opiy” giyohvandlik moddasini saqlab kelganligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirib olindi.
O‘tkazilgan tadbirlar natijasida, jami 4 kilogramm 628 gramm giyohvandlik vositalari tarqalishiga chek qo‘yildi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.