Saylovchi ishonchi amaliy natijalarda yoki mahallalar qiyofasi qanday o‘zgarayotgani haqida qaydlar
Deputatlik - bu shunchaki maqom yoki mas’uliyatli lavozim emas. Bu eng avvalo, xalqning dardini tinglash, odamlarning ichiga kirib borish va ular yillar davomida kutgan muammolarga ijobiy yechim topish demakdir. Saylovchilar bilan olib boriladigan har bir uchrashuv, har bir sayyor qabul jamiyatdagi real holatni ko‘rsatuvchi ko‘zgu. Xalq vakili sifatida ish boshlagan ilk kunlarimdanoq mening asosiy shiorim va’dabozlikdan yiroq bo‘lgan holda, real muammolarni izchillik va qat’iyat bilan hal etishdan iborat bo‘ldi.
Bugungi kunda Samarqand shahridagi «Chilquduq», «Zargartepa», «Botir Zokirov», «Navruz» kabi mahallalarda aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarning bosqichma-bosqich hal etilayotgani, hududlar infratuzilmasining yaxshilanayotgani ana shu intilishlarning amaliy ifodasidir.
Yillar davomida kutilgan bunyodkorlik
Saylovchilarimni jiddiy tashvishga solayotgan masalalardan biri – «Chilquduq» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanali ustidagi ko‘prikning ahvoli edi. Bu ko‘prik yillar davomida xizmat qilib, mutlaqo yaroqsiz va harakatlanish uchun xavfli holatga kelib qolgandi. Mahalla ahli haqli ravishda xavotir bildirib, ushbu muammoni hal etishda ko‘mak so‘rab murojaat qildi.
Murojaat asosida Samarqand shahar hokimligiga deputatlik so‘rovi yubordim. Maqsad ushbu ob’yektni qayta qurish va xavfsizlikni ta’minlash edi. Sa’y harakatlarimiz besamar ketmadi: ko‘prikni qayta qurish rejaga kiritildi.
Yaqinda qurilish maydoniga borib, loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdim. Muloqot davomida ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda kengligi 14 metr bo‘lgan, barcha zamonaviy standartlarga javob beradigan mustahkam va keng ko‘prik barpo etilmoqda. Loyiha nafaqat «Chilquduq» ahli uchun qulay va xavfsiz harakatlanish imkoniyatini yaratadi, balki hududdagi transport qatnovini tubdan yaxshilab, hudud infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqadi.
Transport va suv muammosiga yechim
Sattepo massivida joylashgan «Zargartepa» va Botir Zokirov nomidagi mahallalar ahli bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham eng og‘riqli nuqtalar ochiq-oydin bayon qilindi. Xususan, hududdan o‘tuvchi yo‘nalishli avtobuslar yo‘qligi sababli uzoq masofaga piyoda yurishga majbur bo‘lishayotganini, bu esa kundalik hayotda katta qiyinchiliklar tug‘dirayotganini bildirishdi.
Masala yuzasidan viloyat Transport boshqarmasi hamda shahar hokimligiga deputatlik so‘rovi yuborildi. Transport boshqarmasidan olingan javobga ko‘ra, ayni paytda shaharga yangi, zamonaviy avtobuslar olib kelinmoqda. Ushbu yangi avtobuslar bilan qator yangi avtobus yo‘nalishlari, jumladan, «Zargartepa» va Botir Zokirov mahallalari orqali qatnov bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi. Hududlar tegishli ixtisoslashtirilgan korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda bosqichma bosqich o‘rganilmoqda. Kelgusida bunday ko‘ngilsiz suv toshqinlarining oldini olish maqsadida irrigasiya ariqlari va drenaj tarmoqlarini chiqindilardan muntazam tozalash, suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan noqonuniy qurilmalar va to‘siqlarni bartaraf etish hamda to‘planib qolgan yomg‘ir suvlarini markaziy suv yo‘llariga xavfsiz yo‘naltirish choralari ko‘rilmoqda.
Qabullar davomida 81-«A» ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi aholi tomonidan yana bir ommaviy murojaat kelib tushdi. Odamlar atrofni yashil makonga aylantirishni xohlashadi, biroq suv yo‘qligi qo‘l-oyoqlarini bog‘lab turgandi. Bu bo‘yicha «Bo‘ston Standart Samarqand» MChJ rahbariga so‘rovnoma yubordim. Yaqinda qayd qilingan uy hovlisida artezian qudug‘i kovlab, foydalanishga topshirildi. Bugun mahalla ahli o‘z hovlisini sug‘orish imkoniyatiga ega va hududda yashil maydonlar kengaytirilmoqda.
Toshqinlar takrorlanmaydi(mi?)
Joriy yilning bahorida kuzatilgan kuchli va tinimsiz yog‘ingarchiliklar Samarqand shahrining infratuzilmasi uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Oqibatda shaharning ayrim hududlari, jumladan «Zargartepa» mahallasidagi 82-83-ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarda suv to‘planishi va irrigasiya tizimlarining ishlamay qolishi kuzatildi. Bu esa aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’yektlarga ma’lum darajada xavf tug‘dirdi. Fuqarolarning murojaati asosida mazkur uylar atrofidagi irrigasiya ariqlarini zudlik bilan ta’mirlash va tozalash masalasi yuzasidan Samarqand shahar hokimligiga deputatlik so‘rovi yubordim.
Hokimlik taqdim etgan javobda vaziyat atroflicha bayon etilgan. Unga ko‘ra, bugungi kunda suv bosish holatlari kuzatilgan barcha hududlar tegishli ixtisoslashtirilgan korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda bosqichma bosqich o‘rganilmoqda. Kelgusida bunday ko‘ngilsiz suv toshqinlarining oldini olish maqsadida irrigasiya ariqlari va drenaj tarmoqlarini chiqindilardan muntazam tozalash, suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan noqonuniy qurilmalar va to‘siqlarni bartaraf etish hamda to‘planib qolgan yomg‘ir suvlarini markaziy suv yo‘llariga xavfsiz yo‘naltirish choralari ko‘rilmoqda.
Hokimlik mazkur deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan masala yuzasidan bajarilayotgan ishlarning yakuniy natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etishini ma’lum qildi.
Ichki yo‘llar asfaltlanyapti
Botir Zokirov nomidagi mahalla hududidagi 17 ta ko‘p qavatli uylarning oldidagi yo‘laklar va asfalt qoplamasi ham aholiga issiqlik tizimi quvurlarini o‘tkazish maqsadida buzilgandi. Bu esa kuz-qish mavsumida loygarchilik, yozda esa chang-to‘zonga sabab bo‘lishi tabiiy edi. Ushbu holat bo‘yicha tegishli kommunal va qurilish tashkilotlariga yuborilgan so‘rovnomalarimiz o‘z natijasini berdi: bugungi kunda mazkur ko‘p qavatli uylar oldida yangidan asfalt qoplamasini yotqizish ishlari boshlandi.
Yaqinda «Zargartepa» mahalla aholisi va faollari stadion masalasini o‘rtaga tashladi. Gap shundaki, «Zargartepa» mahallasida joylashgan futbol maydoni yillar davomida ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Eng muhimi, bu maydonchadan nafaqat shu mahalla, balki o‘z sport maydoniga ega bo‘lmagan qo‘shni Botir Zokirov nomidagi mahalla yoshlari ham foydalanadi. Mahalla raisi va oqsoqollar yoshlarning sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, ularni zararli odatlardan yiroq tutish uchun ushbu sport maydonchasini zamonaviy ko‘rinishda, sun’iy qoplamali (mini-futbol) stadion qilib qayta tiklash taklifini berdi.
Vaziyatni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, shahar hokimligiga tegishli so‘rov yubordim. Masalaning jiddiyligini inobatga olib, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov bilan shaxsan uchrashib, vaziyatni tushuntirdim. Hokim yaqin kunlarda shaxsan o‘zi mahallaga borishini, joyida stadionning ahvoli bilan tanishishini aytdi. Eng muhimi, shahar rahbari ikki mahalla yoshlari uchun ushbu sport maydonchasini zamonaviy andozalar asosida qaytadan ta’mirlab, foydalanishga topshirishda amaliy yordam berishini ta’kidladi.
Kelajakka ishonch bilan
Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati sifatida shuni ayta olamanki, mahallalarda olib borilayotgan bu kabi ishlar odamlarning davlatga, adolatga va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Muammolar yo‘q emas, ular hali talaygina. Ammo ularni xalqning ichiga kirib, mahalla yettiligi va mahalliy hokimlik organlari bilan yelkama-yelka hal etish – to‘g‘ri va samarali yo‘ldir.
Muborak HOSILOVA,
xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati.