Ozodbek Nazarbekov xalqaro mukofotga munosib ko‘rildi
O‘zbek teatr san’ati va madaniyatining xalqaro maydondagi nufuzi yana bir bor e’tirof etildi. Turkiyaning «Tiyatro Gazetesi» nashri tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Xalqaro O‘rta yer dengizi teatr mukofotlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov «Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun» nominatsiyasi bo‘yicha xalqaro mukofotga munosib ko‘rildi.
Turkiyaning tarixiy teatr maskanlari bilan mashhur Antaliya shahrida o‘tkaziladigan mazkur tadbir madaniyat va san’at sohasidagi fidoyilarning xalqaro miqyosdagi mehnatini e’tirof etishga qaratilgan. Mukofotlar O‘rta yer dengizi mintaqasi hamda xorijiy davlatlardan tanlab olingan nomzodlarga tantanali ravishda topshiriladi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda teatr san’atiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, sohani qo‘llab-quvvatlash, xorijlik rejissyorlarni ijodiy jarayonlarga jalb etish hamda mamlakatning xalqaro teatr festivallaridagi faol ishtiroki xalqaro jamoatchilikning qiziqishini uyg‘otmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati va Madaniyat vazirligining ijodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan e’tibori teatr san’atining rivoji va ommalashuvida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etilgan.
Xalqaro mukofotning tantanali taqdirlash marosimi 2026 yil 26 sentyabr kuni Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadi.