O‘g‘lining dardini o‘ziga olgan shoh va shoir
* Bugun Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kun
Mirzo Bobur nazmiy ijodiyoti o‘z ichki olamining ko‘zgusi bo‘lsa, ajab emas. Misralaridagi tug‘yon bamisoli halqachalardek baytni baytga, so‘zni so‘zga bog‘laydi. Satrdan satrga ko‘chgan sari holidan, ahvolidan bir bayon yang‘liq munojot bo‘lib eshiladi:
Ko‘zumning nurisen, ko‘nglum huzuri,
Tanim xurramlig‘i, jonim sururi.
Bu misralardan zavq maylini axtargan ovvora bo‘ladi. Yo‘q, uni o‘qir ekansiz, ko‘z o‘ngingizda to‘shakda to‘lg‘anib yotgan bemor Xumoyun boshida g‘amli turgan sulton ota akslanadi:
Darding o‘lsa, ilojni netayin?
Sensizin taxtu tojni netayin?
Yurt dardi, tuproq sog‘inchi va hijron azoblaridan zada qalbi yana bir og‘ir yo‘qotishdan cho‘chiydi:
Bormu erkin hech nima olamda hijrondin yomon,
Har nekim ondin yomonroq yo‘q , budur ondin yomon.
Shuning uchun ham aql quvvati o‘zigagina yetadi. Iloj va imkoni duoga ko‘chib, joni uchun (farzand) jonini fido aylashga mayl etadi:
Kelki, onda furqatingdin dog‘i hirmon qolmasun,
Qolmasun g‘amda ko‘ngul, ko‘nglumda armon qolmasun.
va:
O‘lganim yaxshi bu nav’ ellikdan gar o‘tsa yoshim...
degan satrlari ijobatiga yetdi. O‘qiyotganingda yuragingning tub-tubidan nimadir chirt uzilib ketgandek bo‘ladi. Ellikdan nari yosh so‘ramagan shohning sirli olami, bu so‘rovga ijobat qalbini larzon etadi. Qanday munojotki, botinida siru kashf bor? Qanday tuyg‘uki, ildizi tavakkulmi, tafakkurmi, tasavvurmi yo tasodif?!
Bu ham o‘zi uchun, ham nuridiydasi Xumoyun uchun so‘ralgan “oh”li duo edi. Qazoyu qadar hukmi edi. Va, “mendan ko‘rmasin, o‘tdan ko‘rsin, suvdan ko‘rsin”, degan rabboniy hikmat sadosi, sasi edi…
Ajab dunyo, ajib taqdir shoh Bobur Mirzo og‘ir xastalik bilan o‘lim to‘shagida yotgan o‘g‘li Xumoyunning atrofida gir aylanib, dardni o‘ziga so‘raganligi va duo ijobat bo‘lib, Xumoyun sog‘ayib, Bobur vafot topganligi tarixiy haqiqat.
O‘shanda bu zot endigina qirq yetti yil umr ko‘rgan edi…
Suyundik Mustafo NUROTOIY.