Ahbob, yig‘ilmoqni farog‘at tutungiz...

Bobur g‘azal, qit’a, tuyuq, fard janrlari qatori ruboiyda ham barakali ijod qildi. Uning ruboiylaridagi dilni o‘rtovchi nozik lirik kechinmalar, samimiy tuyg‘ular, yurt sog‘inchi, hijron o‘quvchi qalbini larzaga soladi.

Bobur ruboiylarining tili sodda, xalqchil bo‘lib, hayotdagi voqea-hodisalar odamlar o‘rtasidagi munosabatlarga umumlashmalar baxsh etadi.

Ahbob, yig‘ilmoqni farog‘at tutungiz,
Jamiyatingiz borini davlat tutungiz.
Chun gardishi charx bu durur, tengri uchun,
Bir-birni necha kuni g‘animat tutungiz.

Yoki

Yod etmas kishini g‘urbatda kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatda kishi,
Ko‘nglum bu g‘ariblikda shod o‘lmadi, oh,
G‘urbatda sevinmas emish, albatta, kishi.

Ruboiy Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari adabiyotida yuksak mavqega ega bo‘lib, uning ravnaqida Alisher Navoiy, Rudakiy, Umar Xayyom, Jomiy kabi xassos allomalarning hissasi katta bo‘lgan. Bobur esa bu janrni o‘ziga xos yangi g‘oya va ohanglar bilan boyitdi.

Boburni burun mahrami asror etding,
Vaslingga berib yo‘l, o‘zungga yor etding,
Oxir bording, dog‘i ani zor etding,
Hijron alami bila giriftor etding.

Yoki

Ko‘ngli tilagan murodig‘a yetsa kishi,
Yo barcha murodlarni tark etsa kishi,
Bu ikki ish muyassar o‘lmasa olamda,
Boshini olib bir sorig‘a ketsa kishi.

Boburning bu kabi ruboiylari aksariyatida shoir shaxsiyati, kayfiyati va Vatandan olisdagi hayotiy sarguzashtlari uzviy bog‘liqlikda, dard bilan yaratilganini ko‘ramiz. Shoirning iqtidori shundaki, u shaxsiy his-tuyg‘ulari, kechinmalarini nazmiy-falsafiy talqin qilish orqali ruboiylarini umuminsoniy kechinmalar darajasiga ko‘targan.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.