Boburiylar davri - Hindiston tarixi gultoji

Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiy ijodidan bahramand bo‘lib o‘sdi. Xuddi u kabi turkiy so‘zlarning nozik ma’nolarini teran anglagan holda asarlar yozdi. Shu bois, Boburning ilk ruboiy va g‘azallarida Navoiy she’riyatining ta’sirini yaqqol ko‘rish mumkin.

Jumladan, Bobur Qobulda ekanida yaqin qarindoshlari tomonidan qilingan xiyonatlarni qalamga oladi:

El bilmasa holatim, bilur yor,

Holimdin erur Xudoy ogoh.

Qobul sori gar azimat etsang,

Qurbon qilay o‘zni sanga, ey shoh!

Bobur yana o‘tluq oh chekting,

Kuydurmasun elni oh nogoh!

Ko‘rinadiki, Bobur hayotidagi turli qiyinchiliklar, qarama-qarshiliklar uning aql charxini yanada o‘tkirlab, donishmandga aylantirgan. U xalqni ma’rifatga, bunyodkorlikka chorladi. Ma’naviy hayotga salbiy ta’sir etuvchi omillardan voz kechib, jamiyat hayotida ularni taqiqlab qo‘ydi. Bu bilan u hind xalqi hayoti va madaniyati rivojiga hissa qo‘shdi. Umrining yarmidan ko‘pini vatanidan yiroqda – Afg‘oniston va Hindistonda o‘tkazgan bo‘lsa-da, uning tug‘ilgan yurtiga muhabbati va ona tiliga sadoqati so‘nmadi:

Ne yerda bo‘lsang, ey gul andadur chun joni Boburning,

G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydir.

Bobur asos solgan sulola Hindistonda uzoq yillar hukmronlik qilib, tarixdagi eng qudratli saltanatlardan biriga aylandi. U va avlodlari amalga oshirgan ishlar bugun ham e’tirof etilmoqda. Taniqli geograf H.Hasanov “Bobur sayyoh va tabiatshunos” kitobida ta’kidlashicha, «Boburnoma» orqali o‘zbek mumtoz adabiy tiliga kirgan hindcha, urducha va afg‘oncha atamalar, o‘simlik va hayvonlar nomlari mingdan ortiqdir. Fan doktori H.Qudratullayevga ko‘ra, “Boburnoma” voqealarida ishtirok etadigan katta-kichik personajlarning umumiy soni besh yuzdan ortiq va shu jihatdan ularning soni L.Tolstoyning “Urush va tinchlik” epopeyasida ishtirok etadigan personajlarning umumiy soniga teng keladi. Ingliz olimi Valdemar Xansen "Hindiston va uning sakkiz ming yillik tarixi bamisoli bir tovus bo‘lsa, o‘sha ko‘p ming yillik tarixdagi Boburiylar sulolasining 332 yillik hukmronlik davri ana shu tovusning gultojisidir", deya ta’rif beradi.

Abdulvahob Muhammatov,

Muxlisa Jalilova,

SamDU talabalari.