Turkiyalik olim “Samarqand tarixi” kitobini taqdim etdi

Samarqand davlat pedagogika institutida Turkiyada chop etilgan “Samarqand tarixi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda institut professor-o‘qituvchilari, tarix yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar va kitobxon yoshlar ishtirok etdi. 

 - Institutimiz hamda Turkiyaning nufuzli Ordu universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik nafaqat an’anaga, balki amaliy samaralarga ham aylanib bormoqda, - deydi institutning tarix kafedrasi mudiri Yo‘ldosh Isomiddinov. – Ordu universiteti dotsenti Murat O‘zkan tomonidan yozilgan kitob ushbu hamkorlik doirasida amalga oshirilgan yana bir muhim loyihadir. Bu Samarqand shahri kuniga munosib sovg‘a bo‘ldi. Ayni paytda asar o‘zbek tiliga tarjima qilinyapti. 

Tadbirda muallif Murat O‘zkan ZOOM platformasi orqali qatnashdi. 

- Bu asarda Samarqandning qadimiy tarixi, ijtimoiy va madaniy taraqqiyot bosqichlari keng yoritilgan, - dedi u. - Kitob yaratilish jarayonida, o‘tkazilgan ilmiy izlanishlar davomida tarixiy manbalarni topishda yordam bergan samarqandlik hamkasblarimga chuqur minnatdorlik bildiraman. 

Tadbir yakunida Samarqand davlat pedagogika instituti va Ordu universiteti o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi hamda ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan kelishuvlar muhokama qilindi.