Ochko‘zlik balosi
Botir binoyidek pul topayotgan edi. Topgani oilasi, bola-chaqasidan ortib, kichkina tijoratga ham pul tikib qo‘ygan edi. Yegani oldida, yemagani ketida bo‘lib turganiga xotini Zilola shukr qilmadi.
- Botir aka, o‘tirgan joyimiz "bankovskiy" bo‘lgani bilan baribir dom. "Dom" degan nomi bor. Hali ukangizga, hali opangizga tashiganingiz tashigan. Bunaqada "dom"da o‘tiraveramiz dimiqib.
Men ham qarindoshlarimni dang‘illama hovlida mehmon qilgim keladi. Qachongacha "dom"da yashaymiz?"
Zilola qachon qarasa bitta dardni chaynagani chaynagan. Botir xotinining ming‘irlashiga ko‘nikib ketgan. Zilola to‘xtay demaydi. Besh xonalik uy uning orzulariga kichiklik qiladi. Zilola arazlayverib, ko‘zyoshini oqizaverib, oxiri erini Rossiyada ishlab kelishiga arang ko‘ndirdi.
Ozoda xola Botirga bir necha marta Xudoning zorini qildi:
- Botir, nima bor Rossiyada? Topib turibsan. Rizqing kelib turibdi. Yana nima kerak? Uying bo‘lsa, moshinang bo‘lsa. Ijarada o‘tirmayotgan bo‘lsang. Yig‘ishtir bu niyatingni. Borma Rossiyaga!"
Zilolaning so‘zi so‘z, gapi gap. Botir Rossiyaga ketdi.
Yaxshi ishga joylashdi. Daromad yaxshi. Har oy Zilolaga pul jo‘natadi. Zilola katta hovlining orzusida pulni bittalab yig‘adi.
Oradan oylar o‘tdi. Botir na ta’tilda keldi, na bayramda. Oylar suvdek oqib, oradan besh yil o‘tib ketdi.
Ozoda xola har safar telefonda Botir bilan gaplashar ekan ko‘zyosh qiladi: "Bolam, qachon kelasan? Bo‘ldi, yetar! Bolalaring katta bo‘lib qolishdi. Shuncha topganing bo‘ladi. Alloh barakasini bersin! Qaytgin endi..."
Botir har doim tez kunlarda qaytishini aytib, bahona to‘qiydi.
Zilola tezda sotilayotgan hovlining daragini eshitdi-yu, Botirga telefon qildi. Botir beparvogina: "Ha, "dom"ni sot. Yetmaganiga jo‘natgan pullarimni qo‘shib olaver", dedi.
Zilola eri aytganiday qildi. Niyatiga yetdi. Katta hovli egasiga aylandi. Endi 4 ta bolasi bilan maza qilib yashashini, eri kelsa hayoti yanada butun bo‘lishini o‘ylab, ichiga sig‘masdi. Hovli o‘rtasida katta favvora. Atrofida daraxtlar. Yerto‘lada alohida hovuz, parxona. Ayni Zilola xohlaganidek.
Mana, Zilolaning ko‘chib kelganiga ham uch yildan oshdi. Lekin Botir kelay demasdi.
Botirning otasi og‘irlashib yotib qoldi. Botir majbur uchib keldi. Ancha o‘zgarib ketgan edi. Onasi o‘g‘lini bag‘riga bosgancha yig‘ladi. Otasi o‘g‘lini ko‘rdi-yu ko‘ngli taskin topib, ko‘p o‘tmay vafot etdi.
Botir ancha o‘zgargan. Onasi ham, Zilola ham sezyapti. Lekin hech kim tashiga chiqarmasdi. Zilola erini ko‘pga kelmaganini, yana Rossiyaga qaytib ketishini eshitib, Botirga yolvorib dedi:
- Iltimos! Botir aka, ketmang. Bo‘ldi hamma narsamiz bor-ku. Sizsiz qiynalib ketdim. Bolalar ham katta bo‘lib qolishdi. Ularga ota kerak!
Botir Zilolani o‘ziga qaratib, yelkasidan tutgancha dedi:
- Zilol, shuni o‘zing xohlagan eding-ku. Mana, niyatinga yetding. Dang‘illama hovli olibsan. O‘zing xohlagandek hayot. Maza qilib yashayver. Meni Rossiyada oilam bor. Beshta bolam bor. Endi ular uchun ishlashim, pul topishim kerak. Vaqtim bo‘lganda kelib-ketib turaman. Puldan xavotir olma, jo‘natib turaman".
Zilola erining gaplarini eshitib, labini tishladi. Bir og‘iz so‘z qaytarolmadi. Bo‘shashgancha yerga o‘tirib qoldi.
Botir otasining ehsonini berdi-yu, Rossiyaga uchib ketdi.
Zilola yerparchin bo‘lib yotib qoldi. Ozoda xola keliniga taskin bersinmi, o‘ziga taskin bersinmi?
- Zilolaxon, yig‘lamang, qaddingizni ko‘taring, qizim. Bolalarga keraksiz. Ularni sizdan boshqa hech kim eplolmaydi. Endi dard chekib yotganingizni foydasi yo‘q. Bo‘lar ish bo‘ldi. Bolamni topganiga vaqtida shukur qilishingiz kerak edi. Mayli, turing shu choyni ichib oling. Quvvat bo‘ladi", dedi-yu qo‘lidagi novvot solingan issiq choyni Zilolaning yoniga qo‘yib chiqib ketdi.
So‘ngi pushaymon odamga faqatgina dushman...
Zulfiya Mahmudova.