Maktabda va o‘quv markazlarda bir xil dars o‘tiladi
Kattaqo‘rg‘on shahar 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali matematika fani o‘qituvchisi Olmos Abdullayev 2023 yilda birinchi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.
U yaqinda SAT xalqaro sertifikatiga tayyorlanib, maksimal 800 balldan 790 ball to‘plab, ikkinchi xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi.
- 2025-2026 o‘quv yilidan Kattaqo‘rg‘on shahri bo‘yicha o‘qituvchilarning kasbiy rivojlantirish kuniga mentor o‘qituvchi bo‘lib tayinlandim, - deydi Olmos Abdullayev. – Mentorlikda matematika fani o‘qituvchilariga metodik yordam, metodik tavsiyalar va qo‘llash mumkin bo‘lgan sun’iy intellekt vositalarini tushuntiraman. Mentorlik uchun oyligimga yigirma foiz ustama qo‘shiladi. Shuningdek, oliy toifa, xalqaro sertifikat uchun ham maoshimga ustamalar qo‘shiladi va 12 million so‘mdan ortiq ish haqi olyapman.
Matematika o‘qituvchisi darsdan tashqari o‘quv markazda talabgorlarga dars beradi. Bundan tashqari, a’lochi o‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlaydi.
- Aslida maktab ta’limi bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirsa bo‘ladi, - deydi o‘qituvchi. – Ammo odamlar ongida pul to‘lasa yaxshi o‘qitadi, degan tushuncha bor. O‘quvchilar ham pul to‘lagani uchun o‘quv markazida darsni eshitadi, maktabda esa darsga bepisand qaraydi. Haqiqatda ikkalasida ham bir xil dars o‘tiladi.
O.Abdullayevning fikricha, mahoratli o‘qituvchi dangasa o‘quvchilarni ham darsga jalb qila oladi.
- Ushbu maktabga ishga kelganimga ko‘p bo‘lmadi, avval shahardagi 11-IDUMda ishlaganman. Endi ishga kelgan paytlarim malaka oshirishga ketgan o‘qituvchining sinfida dars o‘tdim. Birinchi darsimda o‘quvchilarning befarq o‘tirganini sezdim va ularga mantiqiy savollardan berib, matematikaga qiziqtirishga harakat qildim. O‘quvchilar keyingi darslardan o‘zlari mendan mantiqiy savollar so‘ray boshladi. O‘quvchilarga fanni qiziqtira olsangiz, darsingiz samarali bo‘ladi.
Xurshida Ernazarova.