Mutolaa: Nomtalash (Hajviya)

 

Habib SIDDIQ

Rostini aytay: hajviyaga "nomtalash" deb sarlavha qo‘yaymi yo "xomtalash", deymi… ancha o‘ylandim. "Nega?" deysizmi? Keling bir boshdan so‘zlay…

Toponim komissiya raisi qon bosimi oshib shifoxonaga tushib qolgach, mana shu tashvishlar mening boshimga tushib turibdi-da. Endi anglayapman, bechoraning qon bosimi bekorga oshmagan ekan. Biz majlis kuni kelib falon ko‘chaga falon nomni beraylik, desa bir ovozdan ma’qullab ketaverar ekanmiz.

Ertalab telefon jiringlab oldi.

- Mayakovskiy ko‘chasiga Shunqoriy nomini beraylik.

- Kim ekan u Shunqoriy?

- Tuman ro‘znomasida she’ri chiqqan mahalliy shoir.

- E-e, unaqalar ko‘p.

- Berdisini aytguncha shoshmang. Mardon Pardayevichningxolalarini eri ekan.

- Unaqa bo‘lsa kattaroq ko‘chaga nomini berish kerak, - dedim kesatib.

Bu ko‘chaga boshqa xaridorlar ham bor, o‘ylab ko‘rish kerak, - dedi komissiya a’zolaridan biri ertasiga yig‘ilganimizda.

- Maktabdagilar bir o‘qituvchining nomini qo‘ysak deb taklif qilishyapti.

- Iye, qo‘ysanglar-chi, nima, ularga ko‘cha ko‘chada qoptimi?

- Nima qilsak ekan?

- Hayronman.

- O‘tirasizmi, - dedi bitta shumrog‘i. - Kim oshdi savdosi qilib qo‘yaqolmaysizmi?

- Hozir hazilning vaqti emas, - dedim xunob bo‘lib. -Ertagacha o‘ylab takliflaringni aytinglar.

Bekor qilgan ekanman. Ertasigacha yana qanchasi boshimni qotirdi.

- Bitta qo‘chqorni boqib qo‘yibman. Oyog‘ingizning tagiga so‘yaman, aka. Shu ko‘cha qo‘ldan chiqib ketmasin. Otamiz nomini berdirsangiz bizdayam qolib ketmaydi.

- Ko‘chaning o‘ng betiga bitta, chap betiga boshqa nom bersak bo‘lmaydimi-a? - deydi boshqasi tikilib.

- Men hal qilmayman. Bizning xulosamiz bir taklif kuchiga ega xolos, - deyman holdan toyib.

- Mayli, siz shu taklifni to‘g‘rilang, u yog‘igayam o‘zimiz yuguramiz.

- O‘zingizdan qolar gap yo‘q, - dedi xo‘jalik mudirimiz, ishdan qaytish uchun otlanayotganimda. - Amakimizdan birorta zuryod qolmadi. Nomi o‘chib ketmasin.

- Nima ish qilgan ekan? - deyman ensam qotib.

- Hammomda odamlarni uqalardi…haligi sizlarning tilingizda… nima… xodimgar, deydimi?

- "Xizmat ko‘rsatgan xodimgar" degan unvon-punvoni yo‘qmidi?

- Yo‘g‘ edi-ya.

- Unaqa bo‘lsa, hammomga nomini berish kerak, - dedim yarim kinoya bilan.

- Yaxshi bo‘lardi. O‘zimiz ham ko‘chaga kuchimiz yetmaydi, deb turibmiz.

- Ko‘nglim g‘ash tortib ishdan horib qaytib kelayotsam, mahallamizdagi tijorat do‘koni oldiga qo‘yilgan o‘rindiqda o‘tirgan Nurali meni ko‘rishi bilan o‘rnidan turib qo‘l cho‘zdi.

- Yaxshimisiz, aka. Shunaqa, kech qaytasizmi? Qachondan beri kutib o‘tiribman-a?

- Tinchlikmi?

- Ha, tinchlik.

- Xo‘-o‘sh.

- Keliningiz yana bir g‘alvani boshlab o‘tiribdi. Qaynatamiz nomini abadiylashtirish masalasi…

Tomog‘imga bir nima tiqilganday bo‘ldi.

- Bu yog‘i sizga bog‘liq emish. Bir ilojini qiling, aka. Xotinning oldida tilimiz qisiq bo‘lmasin.

Nima deb g‘o‘ldiraganimni o‘zim ham bilmayman. Uyga kiriboq, sovib qolgan ovqatni apil-tapil tushirib, boshimni o‘rab yotib oldim.

…Tushimda hamma ko‘chalar, maktablar, bog‘chalar, dala shiyponlari, tijorat do‘konlariga ham nom qo‘yib bo‘linganmish. Marhumlar qolib, endi tiriklar o‘zlariningnomlari beriladigan ob’yektlar uchun chopishayotgan emish. Xo‘jalikning bo‘limlari, brigada paykallari, fermalar, yemakxonalar kimlarning nomida bo‘lishi aniqlab bo‘linganmish. Faqat nom berilmagan bitta simyog‘och qolganmish. Kim birinchi bo‘lib yetib kelib, unga tirmashib chiqsa, simyog‘ochga nomi berilishidan xabar topgan novchayu pakana, orig‘u semiz, kattayu kichik, boyu kambag‘al da’vogarlar chopib borishayotganmish. Simyog‘ochga "Elektr toki bor. Hayot uchun xavfli", deb yozib qo‘yilganmish. "Hayotingizni sug‘urta qildirishni unutmadingizmi?", debyozilgan plakat ko‘tarib sug‘urta kompaniyasi vakili yo‘l o‘rtasida turganmish. Lekin da’vogarlar hech narsaga e’tibor bermay chopib kelib, simyog‘ochga tirmashayotgan emishlar…

Shu payt birdan simyog‘och qarsillab yiqilib , charaqlab o‘t chiqib ketdi. Cho‘chib uyg‘onib ketdim. Boshim vang yotgandim, radio diktorining ovozi e’tiborimni tortdi. Tarixiy shaxslarning nomlarini abadiylashtirish tartibi haqida yangi qaror chiqibdi. Bizning komissiyamiz tarqatilib yuboriladigan bo‘pti.

Yengil nafas olib, asta o‘rnimdan turdim.