Sherikchilik oshini it yemas

Bundan sakkiz-to‘qqiz yil burun bir firibgar meni o‘tday tushirib ketdi. Katta pulga kuydim.

Dardimni birovga aytmadim. Asosiy ayb o‘zimda edi. Haddan tashqari ishonib yubordim. Laqmalik qildim, desam ham bo‘ladi. Bunaqa do‘st, bunaqa omonatdor, bunaqa halol kishi yo‘q deb o‘ylardim.

Lekin oradan bir-ikki yil o‘tib, bu gap do‘stlar davrasiga baribir yoyilibdi. Chunki "o‘tday tushgan" bitta men emas ekanman. Kimdir ozroqqa, kimdir ko‘pga kuyib, o‘ndan ortiq odam boshini changallab yurganmish! Umumiy yeb yuborilgan mablag‘ni eshitsangiz, og‘zingiz ochilib qoladi.

Shunda ham birovga dard ochmadim. Aytgan bo‘lsam, o‘sha "firibgar"ning o‘ziga aytganman.

Bir kuni bir to‘y bahona eski qadrdon aka-do‘stimni ko‘rib qoldim. Shaharda ko‘zga ko‘ringan kishilardan. Bir masjidning imomi bo‘lgan, ahli ilmlardan. Anchadan beri ko‘rishmagan edik, bir chetga o‘tib hol-ahvol so‘rashdik. Orada boshimga tushgan mushkuldan gap ochdi.

- Nimaga bunchalik aldanib qoldingiz? — deb so‘radi.

- Qayoqdan eshitdingiz? Men hech kimga aytmaganman-ku,— dedim.

- Yaqinda katta bir davrada o‘sha yigit haqida gapirishdi. Kuyganlar ichida siz ham borligingizni aytishdi, o‘sha yerda bildim.

Bo‘lar ish bo‘pti, deb voqeani qisqacha aytib berdim.

- Buncha katta pulni bitta odamga qanday ishondingiz? — deb hayratlandi.

- Bir martada bermaganman. Oldin ozgina berdim. Natija yomon bo‘lmadi. Keyin nafs bosh ko‘tardi, ishonchim ortgan sari mablag‘ni ham oz-ozdan orttirib bordim. Ish bir tekis ketayotgan edi. Shunaqa qilib...

- Tajribasizlik qilibsiz. Ming ishonchli bo‘lsa ham, o‘rtada shayton bor, axir.

-  Namozxon... ancha-muncha ilm olgan... Palonchi olim, Pismadonchi qori akaning shogirdi... ularni men juda hurmat qilardim... ishonmay bo‘ladimi?! — dedim.

- Rahmatli dadamning bir gaplarini aytaymi? O‘n besh yillar ilgari bir do‘stim birgalikda ish qilaylik deb taklif qilib qoldi. Reja zo‘r edi! Aytishicha, katta foyda keladi! Xullas, qiziqdim. So‘ng, kel, dadamdan bir maslahat so‘ray, dedim. O‘rtamizda bunday savol-javob bo‘lib o‘tdi:

"Do‘sting namoz o‘qiydimi?" deb so‘radilar dadam.

"Ha. Namoz o‘qimaydigan do‘stim yo‘q mening".

"Uncha-muncha ilm ham olganmi?"

"Ha. Uncha-muncha emas, ancha-muncha ilmi bor".

"Ustozlari kim ekan?"

"O‘-o‘, palonchi-pismadonchilar!"

"Yaxshi. Boymi?"

"Ha. O‘ziga to‘q".

"Hajga borganmi?"

"Ikki martalab..."

"Bo‘ldi. Tushunarli. U bilan birga ish qilma!"

"Iya, bopladingiz-ku, dada! Bu nima deganingiz?"

"Menga qara, bolam. Mana shu narsalar aldab qo‘yadi odamni. Pul ishi, sheriklik ishi boshqa narsa! Kamdan-kam odam bu sinovdan o‘tadi. Unutma, sherikchilik oshini it yemas!"

Shu gap bilan men u ishga kirmadim. Sherik tanlashda juda ehtiyot bo‘ladigan bo‘ldim. O‘shandan beri nechta bunaqa voqea eshitsam, dadamning o‘sha o‘gitlari esimga tushadi, — deb so‘zini yakunladi imom do‘stim...

Mana, shu gapga ham to‘rt-besh yil bo‘libdi. Aka-do‘stimning gaplari, rahmatli otasining oltinga teng o‘giti sira esimdan chiqmaydi. Bir sabab bilan bugun ertalab tag‘in shuni esladim. Boshqalarga ham foydasi tegib qolar deb bu yerga yozib qo‘ydim.

Muhammad Nurulloh Raufxon.