Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bobur merosini chuqur o‘rganishni istasak, Bobur nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish kerak

Bu fikrni Andijon davlat universiteti professori Rustam Shamsutdinov ilmiy asoslab aytdi. Uni qo‘llab-quvvatlash Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, she’riyati, qoldirgan boy merosiga befarq bo‘lmagan va o‘rganishni istagan har bir ongli kishining istagidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori yurtimizdagi barcha ilm ahli, qolaversa barcha yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi muddaolarga hamohang bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Darhaqiqat, buyuk ajdodimiz Zahiriddin  Muhammad Boburning millatimiz adabiyoti, tarixi, davlatchilik ilmi sohasidagi merosi benihoya ulug‘dir. Bu meros qalblarimizda qanchalik faxru-iftixor uyg‘otsa, uni o‘rganish, asrab-avaylab bugungi yoshlarimiz va kelgusi avlodlarimizga yetkazish shu qadar faxrli burchimiz sanaladi. Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish tarix fanining bugungi kundagi dolzarb muammosi hisoblanadi. Professor Rustam Shamsutdinov tomonidan Andijonda Bobur nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish taklifi (“Bobur va biz ham o‘sha tarixiy Turondanmiz” - “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2023 yil 2 fevral soni,) bu borada katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

 Shavkat Mirziyoyev “Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz kerak” deb ta’kidladilar. Bu esa bugun milliy tiklanishdan milliy yuksalishga o‘tib borayotgan O‘zbekistonda tarix fanining dolzarb muammolarini aniqlab olishni va ularning yechimi borasida ilmiy xulosalar ishlab chiqishni talab qiladi. Tarix fanining bugungi kundagi ijtimoiy muammolarni yechishda ishtirok etishi bilan nafaqat nazariy fan, balki nazariy-amaliy fan sifatida ahamiyati oshib boradi. Buning uchun Prezidentimizning yuqoridagi “Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak”, degan so‘zlari tarixchi olimlarimizning ilmiy tadqiqotini lokomotiviga aylanishi lozim.

Professor Rustam Shamsutdinov tomonidan taklif qilinayotgan xalqaro ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati ana shunday milliy ruh bilan sog‘orilgan tadqiqotlar sirasiga kirishi aniqdir. Chunki milliy ruh deganda, eng avvalo, milliy tarix bilan g‘ururlanishni shakllantirishga xizmat qiladigan tadqiqot tushuniladi. O‘zbekning buyuk farzandi bo‘lgan Bobur bilan faxrlanish milliy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim omil bo‘lib hisoblanadi.

Keling, o‘zimizga shunday savol berib ko‘raylik: biz buyuk ajdodimiz merosini o‘rganish, uni kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish borasida hamma ishlarni qila oldikmi?

Shu kungacha qilingan ishlarni hech bir inkor etmagan holda aytish joizki, hali bu borada qilinadigan ishlarimiz ko‘p. Bobur ijodi g‘oyat serqirra, rang-barang. Bizningcha, uning ijodida o‘rganilmagan, tesha tegmagan mavzular talay. Masalan, jahon ilm  ahlini o‘zining ilmiy, tarixiy ahamiyati bilan lol qoldirib kelayotgan “Boburnoma"da hali o‘rganilmagan, o‘rganishimiz zarur bo‘lgan mavzular bisyor. Bunga SamDU professor-o‘qituvchilarining shu asar ustida olib borgan kamtarona tadqiqotlari misol bo‘la oladi.

"Boburnoma"ni sinchiklab va ma’lum nuqtai nazardan tahlil qilish Farg‘ona vodiysi va Zarafshon vohasi qishloq va shaharlari, kentlaridagi dehqonchilik va ekologik madaniyat "oqar suv"lar, ya’ni sug‘orma dehqonchilik bilan bog‘liq ekanini, Hindistonga xos bo‘lgan betartiblik, ekologik hamda shaharsozlik madaniyatining pastligiga "qora suvlar", ya’ni bu yerda sug‘orma dehqonchilikning yo‘qligi bilan bog‘liq ekanini anglab olish imkonini beradi. SamDU tadqiqotchisi Abdurahim Mamanovning 2015 yilda chop etilgan “Milliy mentalitet: hususiyatlar va omillar” nomli monografiyasida "Boburnomada "oqar suv"li yerlarga munosabat va sug‘orma dehqonchilikning ekologik madaniyat hamda shaharsozlikka ta’siri masalalari" muammosi tarixiy tahlil qilingan. Ishonchim komilki, Bobur ijodining xuddi shunga o‘xshash hali ochilmagan qirralari ko‘p.

Rustam Shamsutdinov tomonidan ko‘tarilgan taklifning ahamiyati umuman tarix fanining ahamiyati bilan belgilanadi. Tarix fani yoshlarda nafaqat tarixiy bilimni, balki ularni tarbiyalash orqali ma’naviyatni ham shakllantiradi. Inson ta’lim jarayonida shakllandigan bilim negizida aqlli, tarbiya jarayonida shakllanadigan ma’naviyat negizida esa dono bo‘lib boradi.  Aqlli va dono avlod jamiyat taraqqiyotining muhim sharti bo‘lgan adolatli ijtimoiy tartibni o‘rnatish va milliy madaniyatni yuksaltirish asosida milliy tiklanishdan milliy yuksalishga o‘tishga va orzu qilinayotgan farovon jamiyatni qurishga qodir bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi qatag‘on qurbonlari muzeyi direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Shamsutdinovning Andijonda Bobur nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish tashabbusi barcha adabiyot ixlosmandlarining, qolaversa tarixchilar, butun ilmiy jamoatchilik ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Fidokor olimimizning ushbu tashabbusi Prezidentimizning yoshlarni milliy g‘urur, iftixor ruhida tarbiyalash zarur, degan fikrlari bilan hamohang. Zero, Bobur shaxsi, ilmiy, adabiy, siyosiy faoliyatini o‘rganish yoshlarimizni milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashda benihoya katta o‘rin tutadi.

Farhod Nabiyev,

SamDU professori.