“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi katta yutuqlaridan biri

O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Bu o‘zgarishlar xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi tarixiy nutqi o‘z mazmun-mohiyati va xalqaro hamjamiyat uchun ahamiyati jihatidan aksariyat davlatlarning e’tiborini tortdi.
Davlatimiz rahbari ushbu nutqida O‘zbekistondagi islohotlar, inson huquqlari, demokratiya, yoshlar masalasi, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, kabi qator global muammolar bilan bir qatorda diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash masalasiga alohida to‘xtalib, bu borada BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu tashabbus BMTga a’zo 193 ta mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig‘ilishida A/Res/73/128-raqamli “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi yakdillik bilan qabul qilindi.
Rezolyusiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT Bosh Assambleyasi majlisida Quvayt, BAA, Marokash, Ummon, Ozarbayjon, Panama, Yevropa Ittifoqi va boshqa qator davlatlar delegatsiyalari so‘zga chiqib, O‘zbekistonga o‘ta muhim va o‘z vaqtida ilgari surilgan tashabbus, shuningdek, uning matnini kelishish bo‘yicha norasmiy maslahatlashuvlar chog‘ida bildirilgan ochiqlik uchun minnatdorlik izhor qildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid 2017 yil oktyabr oyida Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda BMTning ma’rifat va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga bag‘ishlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyusiyada ko‘proq ma’rifatparvarlik g‘oyalari ilgari surilib, jahonda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yo‘lida sog‘lom kuchlarni birlashtirishning, o‘zaro hurmat, inson huquqlari, murosa va o‘zaro anglashuvning muhimligi e’tirof etilgan holda quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:
Birinchidan, rezolyusiyada madaniyatlar va dinlararo munosabatlardagi uyg‘unlikni rag‘batlantirish hamda shaxslarni din va e’tiqodlariga qarab kamsitilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy, milliy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi.
Ikkinchidan, hujjatda BMTning fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha muassasasi – YuNESKOning tinchlik va bag‘rikenglikni ta’minlashdagi hal qiluvchi o‘rni e’tirof etilgan. Shu bilan birga, hozirgi davrda ayrim mintaqalarda davom etayotgan din va e’tiqod borasida diskriminatsiya, tahqirlash hamda zo‘ravonlik, terroristik guruhlar insonlarni dini va e’tiqodi sababli doimiy ta’qib qilayotganligidan jiddiy xavotir va tashvish bayon etilgan.
Uchinchidan, hujjatda xalqaro huquq, inson huquqlarini buzib, milliy, irqiy va diniy adovatni qo‘zg‘agan holda qasddan diniy obidalar va tarixiy ziyoratgohlarga zarar yetkazilishi bilan bog‘liq holatlarga, shunday holatlarning oldini olishga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish zarurligi bildirilgan.
To‘rtinchidan, qayd etish kerakki, rezolyusiyaning 4-moddasi ko‘plab ekspert va xorij OAVlari diqqatini tortdi. Unda hujjat barcha BMTga a’zo davlatlarning fikr, vijdon, din yoki e’tiqod erkinligini himoya qilish va rag‘batlantirishga doir sa’y-harakatlarini faollashtirishni taqozo etadi.
Shu asosda:
a) barcha jamiyatlarda turli din va e’tiqodlar, ularning yurisdiksiyasi doirasida amal qiluvchi turfa diniy ozchiliklar tarixi, an’analari, tili va madaniyati haqida yanada keng bilimlarni targ‘ib qilish orqali ta’lim va boshqa vositalar yordamida din va e’tiqod erkinligiga doir barcha masalalarda o‘zaro anglashuv, bag‘rikenglik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi sa’y-harakatlar va hurmatni rag‘batlantirish;
b) milliy va xalqaro darajada madaniyatlararo hamkorlik va tinchlik o‘rnatishga qaratilgan faoliyatning turli ko‘rinishlarini qo‘llab-quvvatlash;
v) ushbu yo‘nalishlardagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga undaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslar doimiy va izchil xarakterga ega. Xususan, davlatimiz rahbari 2024 yilning 6 noyabr kuni Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi inauguratsiya nutqida yana bir bor ma’rifat va ma’naviyat masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, alohida urg‘u berildiki, “... Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, ya’ni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy g‘oyalarni mujassam etadigan kuchli ma’naviyatga tayanamiz. Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshiramiz”.
Xulosa o‘rnida aytganda, O‘zbekiston rahbarining bundan 8 yil oldin ilgari surilgan dunyoda ma’rifat va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan maxsus rezolyusiyani qabul qilish xususidagi tashabbusi va uning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi global ahamiyat kasb etib, xalqaro hamjamiyatning jahonda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni mustahkamlash uchun qo‘ygan navbatdagi katta qadami bo‘ldi. Ushbu xalqaro hujjatning qabul qilinishi, shubhasiz, O‘zbekiston tashqi siyosatining katta yutug‘i, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mahsuli ekanidan dalolat.
Boboqul TOShEV,
Odil sudlov akademiyasi o‘qituvchisi, yuridik fanlar doktori, professor.