Eron AQSh bilan muzokaralarni qayta boshlash uchun shart qo‘ydi

Eron AQSh bilan diplomatik muzokaralarni qayta boshlash uchun bir qator shartlarni ilgari surdi. Mamlakat o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda vositachi bo‘lishga tayyor ekanini bildirgan davlatlarning barcha takliflarini rad etgan.

Bu haqda Livanning Al Mayadeen telekanali ma’lum qiladi.

Eronning shartlari kelajakda Qo‘shma Shtatlar tomonidan tajovuz qilmaslik kafolatlari, kompensatsiya to‘lanishi va Eron yadroviy energetika inshootlarida to‘liq yadroviy yoqilg‘i siklini joriy etishga rozilikni o‘z ichiga oladi.

Ayni paytda mojaroda ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida hujumlar davom etmoqda. Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Yaqin Sharqdagi AQSh va Isroil ob’yektlariga qarshi yangi zarbalar to‘lqini boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda Eronning Press TV telekanali xabar beradi.

Bundan tashqari, AQSh razvedkasi kecha Eron Hormuz bo‘g‘ozini mina bilan to‘sishni boshlagani haqida ma’lumot olgan.

BAAdagi yirik, kuniga 922 ming barelgacha neftni qayta ishlash quvvatiga ega Abu-Dabi davlat neft kompaniyasi dronlar zarbasi oqibatida ishini to‘xtatganini ma’lum.

Isroil armiyasi ma’lum qilishicha, o‘tgan ikki kun davomida Tehronga katta raketalar hujumi uyushtirgan. Tunda Britaniyada joylashgan Ferford aviabazasidan AQSh bombardimonchi samolyotlari Erondagi nishonlarga zarba berish uchun parvoz qilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 28 fevraldan boshlab AQSh va Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalar natijasida Eronda halok bo‘lganlar soni 1 300 nafardan oshgan. Bu haqda Eronning BMTdagi doimiy vakili ma’lum qildi. Qurbonlar orasida harbiylar ham, tinch aholi vakillari ham bor.

Isroilda Eronning raketa hujumlari natijasida taxminan 18 kishi halok bo‘lgan. AQSh harbiylari orasida esa taxminan 7 nafar harbiyning halok bo‘lgani tasdiqlangan, shuningdek, 140–150 nafardan ortiq kishi yaralangan.