Bolaning otasi boshqa ekan
Inson taqdiri ba’zan birgina hujjatdagi yozuv bilan bog‘lanib qoladi. Bir qarashda oddiy tuyulgan “ota” degan so‘z esa nafaqat huquqiy, balki ma’naviy mas’uliyatni ham anglatadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilgan navbatdagi ish ana shu birgina yozuv ortida turgan haqiqatni oydinlashtirishga qaratildi.
Shukurov Voxid va Isayeva Diana (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2020 yil fevral oyida qonuniy nikohdan o‘tib, oila qurgan edilar. Ular yangi hayot boshlash arafasida turishar, o‘tmishdagi sinovlar esa ortda qolgandek edi. Biroq, hayot har doim ham inson rejalariga bo‘ysunmaydi.
Diana avval boshqa nikohda bo‘lgan va nikohi sud qarori bilan bekor qilingan. Vohidga turmushga chiqqanda oldingi eridan homilador edi. 2020 yil aprel oyida Amira dunyoga keldi. Vohid esa bolani o‘z farzandidek bag‘riga bosib, mehr berib tarbiyalab keldi. Biroq tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish chog‘ida yuz bergan e’tiborsizlik tufayli, hujjatda ota sifatida uning ismi qayd etildi.
Vaqt o‘tib, huquqiy aniqlik kiritish zarurati tug‘ildi. Chunki qonun uchun har bir yozuv - dalil. Shu bois, Vohid sudga murojaat qildi. Sud majlisida har ikki taraf ham vaziyatni ochiq bayon qildi. Bola biologik jihatdan Voxidga tegishli emasligi, bu holat ilmiy ekspertiza orqali ham tasdiqlangani ma’lum qilindi.
O‘tkazilgan DNK ekspertizasi xulosasi barcha shubhalarga nuqta qo‘ydi, biologik otalik tasdiqlanmadi.
Sud ishni ko‘rib chiqar ekan, faqat his-tuyg‘ularga emas, qonun talablariga tayandi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga muvofiq, tug‘ilish haqidagi yozuv bolaning kelib chiqishini tasdiqlovchi asosiy dalil hisoblanadi. Biroq bu yozuv sud tartibida rad etilishi mumkin.
Barcha holatlar chuqur o‘rganilib, taraflarning tushuntirishlari va ekspertiza xulosasi inobatga olindi. Natijada sud haqiqatni huquqiy jihatdan tiklash haqida qaror qabul qildi: tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvidagi ota ustunidan Shukurov Voxid haqidagi ma’lumotlar bekor qilindi.
Bu ish kimningdir aybi yoki bahsi haqida emas edi. Bu - hujjatdagi xatoni to‘g‘rilash, huquqiy aniqlikni ta’minlash va haqiqatni rasmiy ravishda e’tirof etish haqidagi ish edi.
Sud zalida o‘qilgan qaror bilan birga, bir masalaga oydinlik kiritildi, ota degan nom faqat qog‘ozda emas, haqiqatda ham asosli bo‘lishi kerak. Qonun esa aynan shu haqiqatni muhofaza qiladi.
Feruz Karimov,
Samarqand viloyat sudining sudyasi.