Metan “zapravka”lar hozircha jamoat transporti uchun faoliyat yuritmoqda

Sovuq kunlarda tabiiy gaz bosimining pastligi sababli birinchi navbatda, aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Ayni vaqtda magistral gaz quvurlarida bosimni rostlash va me’yoriy holatga keltirish ishlari davom etmoqda.

Shunga ko‘ra, hozircha metan “zapravkalar” ijtimoiy soha ob’yektlariga xizmat ko‘rsatuvchi va jamoat transporti uchun faoliyat yuritadi, deyiladi Energetika vazirligidan olingan ma’lumotlarda.

Mazkur choralar aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarini barqaror gaz ta’minoti bilan ta’minlashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, birja savdolariga chiqarilayotgan benzin va suyultirilgan gaz (propan) hajmi oshirilgan bo‘lib, yetarli miqdorda yetkazib berilmoqda.

Shu o‘rinda, xususiy “avtozapravka”lar egalaridan narxlarni sun’iy ravishda oshirmasliklarini, benzinni sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri sotishlari talab qilinadi. Ularda nazorat tadbirlari kuchaytirilib, narxlarning asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.