Ishtixon tumanini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar tasdiqlandi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi Ishtixon tumanini rivojlantirish bo‘yicha 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan tuman hokimi F.Ro‘ziyevning taqdimotini ko‘rib chiqib, 2026 yilda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasini tasdiqladi.
Dasturga ko‘ra, bu yil tumanda kambag‘allik darajasini 8,6 foizdan 4 foizga tushirish, bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovini 82,9 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Beshariq mahallasidagi 75 ta xonadonda issiqxonada ko‘chat, Katta-qangli mahallasida 21 ta xonadonda qulupnay, Ko‘tarma mahallasida 56 ta xonadonda sabzavot ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
3 ta umumta’lim, 9 ta tibbiyot muassasasining oqova suv tarmog‘i to‘liq qayta ta’mirlanadi. Damariq mahallasida ichimlik suv tizimlari quriladi. Barlos mahallasi hududida To‘sinsoy soyiga suv to‘suvchi inshoot quriladi va "Yangikent" nasos stansiyasiga suv keltiruvchi 1,5 km kanal betonlashtiriladi. Sohibkor mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi To‘sinsoy soyining 500 metr qirg‘og‘i mustahkamlanadi va damba quriladi.