Yoshlar bandligi bo‘yicha yangi bosqich: amaliy ishlar jadallashmoqda

Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi davomida yoshlar masalalariga qaratilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu maqsadda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev boshchiligidagi mas’ullar hududlardagi yoshlar bandligiga xizmat qiladigan infratuzilma ob’yektlarini atroflicha o‘rgandi.

O‘rganishlar jarayonida, eng avvalo, yoshlar uchun barqaror ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan loyihalar, mavjud sharoitlarning real holati, yechim talab qiladigan muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy choralar belgilandi.

Shu doirada Ishtixon tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan “Yoshlar markazi” joylashadigan hudud ham batafsil ko‘zdan kechirildi. Mazkur markaz ishga tushgach, yoshlarga ta’lim, kasb-hunar o‘rgatish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, startap va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratib berishi alohida ta’kidlandi.

Bunday amaliy tashriflar yoshlar hayoti, bandligi va faoliyati uchun yanada qulay va samarali sharoit yaratish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.