Bizni kuzating

Ishtixonda huquqbuzar inspektorlarga qarshilik ko‘rsatib, xodimning mashinasiga shikast yetkazdi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiya xodimlari tomonidan Ishtixon tumanida ichki ishlar, prokuratura va hokimlik xodimlari bilan hamkorlikda reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida Ishtixon tumani Ko‘tarma mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Oqdaryo daryosi o‘zanida ekskavator yordamida qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinib, yuk avtotransport vositasiga yuklanayotgani aniqlandi va huquqbuzarlik to‘xtatildi. Biroq yuk mashinasi haydovchisi qonuniy talabga bo‘ysunmay, xodimlarga keskin qarshilik ko‘rsatdi. U qum-shag‘al aralashmasini to‘kib, ekskavator haydovchisining voqea joyidan qochib ketishiga sharoit yaratdi.

Bundan tashqari, huquqbuzar yuk avtomobili bilan xodimlardan birining avtomashinasiga zarar yetkazdi.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda. To‘plangan materiallar huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmoqda.