Urgut maktablari qishga tayyormi?
Qish o‘z nomi bilan qish. Shuning uchun ta’lim muassasalari qishki mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rishi lozim. Xo‘sh, bu borada tuman maktablarida holat qanday? Maktablar nima bilan isitiladi?
Biz bu kabi savollarga javob topish maqsadida Urgut tumanidagi maktablarda bo‘ldik.
Bugun tumanda 160 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 77 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib bormoqda.

- Barcha maktablarimizda isitish tizimi ko‘mirga mo‘ljallangan, - deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘i Abdug‘affor Mamanov. – Faqat bitta maktab markazlashgan isitish tizimiga ulangan.
Dastlab tumandagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik. Maktab yangi o‘quv yilida kapital ta’mirlanib, binolarni samarali isitish va sovutishga mo‘ljallangan fankoyl qurilmalari va qozonxonalar o‘rnatilibdi. Bu fankoyl qurilmalarining afzalligi shundaki, qishda qozonxonaga ulanib binoni isitsa, yozda chiller (sovutish bloki)ga ulanib, xonani sovutadi.

- Maktabda 1220 o‘rinli binoni isitish uchun 2 ta eski, 6 ta yangi qozonxona mavjud, - deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Umid Xurramov. - O‘tgan yili maktabga 69 tonna ko‘mir olgandik va qishda biroz yetmay qolgandi, shuning uchun bu yil 75 tonna ko‘mir oldik. Ammo yangi qozonxonalarni hali ishga tushirmadik, sababi qozonxona 3 fazali elektr energiyasiga ulanishi kerak.
Maktabga yangi va zamonaviy isitish tizimi o‘rnatilgani yaxshi, ammo mas’ullarning sovuqqonligi tufayli noyabr oyigacha yangi qozonxonalar elektr energiyasiga ulanmagan.
Tumandagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 740 o‘rinli bo‘lib, unda 632 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Mazkur maktabga 52 tonna ko‘mir yoqilg‘isi berilgan.
- Biz ko‘mirlarni xaltalab chiqdik, - deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bobur Avazov. – Xaltalangan ko‘mir qishda qozonxonaga tashishga qulay bo‘ladi va ishimizni ancha yengillashtiradi.
Darhaqiqat, ko‘mirxonada xaltalangan ko‘mirlar ustma-ust taxlab qo‘yilibdi. Direktor o‘rinbosari qishda maktabga ko‘mir yetmay qolsa, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga murojaat qilib, qo‘shimcha ko‘mir olishi mumkinligini aytdi.

Tumandagi 82-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lganimizda ko‘mir kukuni yelim xaltachalarga solingan holda taxlab qo‘yilganini ko‘rdik. Buning sababini so‘raganimizda, o‘t yoquvchi Mo‘min Sohibov shunday javob berdi:
- Biz ko‘mirning kukunini yoqish texnologiyasini topganmiz. Bu yil maktabimizga 65 tonna ko‘mir berildi. Ko‘mirning o‘zini alohida joylashtirib, ustini loy suvoq bilan yopib qo‘ydik. Kukunini esa suvga qorishtirib, yelim xaltalarga soldik. Bu yelim xaltalarni qishda kechqurun ishlatamiz. Masalan, bitta qozonxonaga ikkita yelim xaltali ko‘mir kukuni tashlasak, ertalabgacha yonib turadi. Ko‘mirning o‘zini esa kunduzi yoqamiz.

Ayrim maktablar ko‘mirning kukunini tashlab yuborishini aytgandi. Aslida kukunni ham ishlatsa bo‘lar ekan. Mazkur maktabda yelim xaltalarga solib taxlangan ko‘mir kukunini ko‘rib, bunga ishonch hosil qildik. Nima bo‘lgan taqdirda ham maktablarda isitish tizimiga mas’ul bo‘lgan xodimlarning fidoyiligi, o‘z kasbiga sidqidildan yondashayotganiga guvoh bo‘ldik. Ammo 2026-2027 o‘quv yilida tumandagi maktab va bog‘chalarga yetkazilishi rejalashtirilgan 10 420 tonna ko‘mir haqiqatda to‘liq tarqatilganmi, degan savolga javob topa olmadik. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha 5776 tonna ko‘mir maktab va bog‘chalarga tarqatilgan. Mas’ullar qolgan ko‘mirni ham olganini aytishdi, ammo hujjat taqdim qilisholmadi. O‘ylaymizki, mazkur vazifaga mas’ul bo‘lganlar ishga sidqidildan yondashib, qolgan ko‘mir mahsulotini ham tez kunlarda maktab va bog‘chalarga yetkazadi.
Xurshida Ernazarova.