Bizni kuzating

Moldova kasaba uyushmalari milliy konfederatsiyasi a’zolari Samarqandga keldi

Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov kutib oldi.



– O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati bilan 2026–2031 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bitimini imzolaganmiz, - deydi Moldova kasaba uyushmalari milliy konfederatsiyasi raisi Igor Zubchu. - Bitimda ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash kabi muhim yo‘nalishlar nazarda tutilgan. Bugun Samarqand shahriga kelishimiz ham bejiz emas. Kelgusida O‘zbekiston va Moldova kasaba uyushmalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, hududiy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz.

Tashrif dasturiga muvofiq, mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Xo‘ja Doniyor maqbarasi va boshqa diqqatga sazovor maskanlarda bo‘ldi. Samarqandning boy tarixi va madaniy merosi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.