Bugun "Mehnatga haq to‘layapman-ku", deya kekkayish ketmaydi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashiga shu yilning o‘tgan choragida 187 ta murojaat kelib tushgan. Ulardagi arzlarning aksariyat qismini maishiy muammolar tashkil etadi.
– Fuqarolar murojaatining qariyb 70 foizi kasaba uyushma a’zoligini qabul qilmagan tashkilotlar va fuqarolar hissasiga to‘g‘ri kelyapti, – deydi kengashning murojaatlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Zohid Yangiboyev. – Shunday bo‘lsa-da, ko‘tarilgan har bir masalani hal etishga harakat qilyapmiz.
Birlashmaga arz bilan kelgan nuroniy otaxon bilan gaplashdik. Olis tumandan uni shu yerga yo‘llashibdi.
– Salomatlik yuzasidan keldim, bolam, – deydi otaxon. – Shu yerda sihatgohga yo‘llanma berilishini aytishdi. Umid qilib kelaverdim.
Garchi kasaba uyushmalarida yo‘llanmalarni taqsimlash tartibida o‘ziga xos jihatlar talab etilsa-da, nuroniyning ra’yini qaytarishmadi. Otaxon birlashma rahbari huzuridan mamnun chiqdi.
– Bir oy eshik sanadim, – deydi u. – Keksalarga mas’ul bo‘lgan idoradagilar navbat kutasiz, deyishdi. Kutdim ham. Ammo bo‘lmadi. Cho‘zildi. Tavakkal qilib kasaba uyushmalariga kelgandim. Yo‘llanmani bir zumda hal qilishdi. Yo‘lini topishdi, nabiram ishlaydigan tashkilot kasaba uyushmalariga a’zo ekan. Uning o‘rniga dam olib, salomatligimni tiklasam bo‘lar ekan. Mushkulimni oson qilgan kasaba uyushmalariga rahmat.
Jamoat tashkilotida mehnat munosabatlaridagi taranglikka yechim topganlar ham, huquqiy ko‘makdan qoniqqanlar ham oz emas. Lekin ana shunday imkoniyatlardan bahra olmayotganlar ham bor.
Ayni paytda viloyatdagi 130 dan ziyod turli maqomda ish yuritayotgan tashkilotlarda xodimlarning vakillik organlari mavjud emas. Ishlovchilarning mehnat huquqlari ish beruvchilarga qiziqmasmi? Bu jamoalarda mehnat munosabatlari jamoatchilik nazoratiga qachon olinadi, degan savolga kimdan javob olishni ham bilmaysan. Kasaba uyushmalarining hamkorlik chaqiruviga bepisand qarashyotganlar, haqli talablarini iddao bilan qabul qilayotganlar ham bor. Ayniqsa, eng og‘ir yumushlarni uddalab kelayotgan qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zini «tushunmagan»ga olish an’anasi hali-hanuz davom etmoqda.
Haligacha agrosanoat tizimida xodimlar manfaati ustuvorligini ta’minlash qiyin kechyapti. Yangi tuzilma maqomini olgan aksar klaster va fermer xo‘jaliklari mutasaddilari «quloqlariga paxta» tiqib olishgandek go‘yo.
– Yil boshidan buyon tizimdagi 7 ta tashkilotni kasaba uyushmalari safiga jalb etdik, – deydi Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand shahar kengashi raisi Rustam Valiyev. – Ularda boshlang‘ich tashkilotlar tuzilib, mehnat muhofazasi jamoat nazoratiga olindi.
Kasaba uyushmalari ishchi-xodimlar manfaati yo‘lida muzokaralar olib borishdan charchashmaydi. Toyloq tumanidagi 235 kishini ish bilan ta’minlab kelayotgan «Siyob Shavkat Orzu» keng tarmoqli fermer xo‘jaligi bilan muzokaralar uzoq davom etdi. Tegishli darajada xat, tushuncha berildi. Fermer xo‘jaligi rahbari xodimlarga sharoit yaratishda kasaba uyushmalariga ro‘yxushlik bergandek bo‘ldi. Ammo keyinchalik ishkalni shu xo‘jalik kadrlar bo‘limi boshlig‘i Sherzod Mavlonov chiqara boshladi. Achchiq ichakdek cho‘zilgan munozarani ijobiy o‘zanga solish qiyin kechyapti. «Issiq jon isitmasiz bo‘lmas», deganlaridek, ushbu tashkilotlarda ishlovchilarning holidan kim xabar oladi? Ular qonunlarda belgilab qo‘yilgan imtiyozlarga munosib emasmi? Nega ishlovchilar haq-huquqlarini hurmat qilmaymiz?
– Rivojlangan fuqarolik jamiyatida yashayapmiz. Mehnat kishisining huquqlari ish beruvchilar tomonidan hurmat qilinishi shart, – deydi huquqshunos Abdunabi Tursunov. – Bugun mehnatga haq to‘layapman-ku, deya kekkayish ketmaydi. O‘zini hurmat qilgan ish beruvchi mehnat munosabatlarida mutanosiblikni ta’minlashi kerak.
Korxona rivoji, istiqboli uchun qayg‘urayotgan xodim mehnati qachon qadr topadi? Bu masalada loqaydlik qilish kerakmikin?
Aksar kasaba uyushma a’zosi bo‘lmagan tashkilotlarda shu savollar javobi ochiq qolmoqda.
Nurilla Shamsiyev.