Birinchi marta yurtimizda kasaba uyushmalari kuni nishonlanmoqda
11 noyabr yurtimizda “Kasaba uyushmalari kuni” deb belgilangan va bu yil ilk bor ushbu sana nishonlanadi.
Sana munosabati bilan viloyatimizda turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida soha xodimlari va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida tantanali marosim o‘tkazildi.
Tadbirkorlar, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi U.Muhamedov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi raisi S.Rafiqov tadbir ishtirokchilarini tabrikladi. Keyingi yillarda jamiyat hayotida kasaba uyushmalarining o‘rni va roli oshib borayotgani, tashkilot tomonidan ishchi-xodimlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib mehnat va dam olish sharoiti yaratilayotgani e’tirof etildi.
– 2020 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining sakkizinchi qurultoyi ishtirokchilariga ilk bor davlatimiz rahbari tabrik yo‘llab, 11 noyabrni O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida nishonlashni taklif etgandi, – dedi S.Rafiqov. – Keyinchalik bu tashabbus huquqiy asosda mustahkamlandi. Bu yil birinchi marta ushbu kunni sizlar bilan birga keng nishonlash arafasidamiz.
Tadbirda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlarining 83 nafar faollari va faxriylariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining “Kasaba uyushmalariga 1 yil” esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, federatsiya tomonidan turli sohalar vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlarning respublika bosqichida ishtirok etib, g‘olib bo‘lganlar ham munosib rag‘batlantirildi. Xususan, Paxtachi tumani hokimi Muzaffar Hamdamov “Eng yaxshi sektor rahbari”, Past Darg‘om tumanidagi Qozoq Nayman mahallasi raisi Ahror Arslonov “Eng yaxshi mahalla raisi”, Jomboy tumanidagi “777 AN-NUR 777” ishlab chiqarish korxonasi rahbari S.Isakova “Eng namunali ayol ish beruvchi” sifatida taqdirlandi.
Yana bir guruh hamkor tashkilotlar vakillariga pul mukofotlari, esdalik sovg‘alari, sanatoriylarga yo‘llanmalar berildi.
Husan Eltoyev.