15 nafar maktab direktori bilan shartnoma bekor qilingan, 70 nafar mas’ulga intizomiy chora ko‘rilgan

Matbuot uyida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Rustam Yo‘ldoshev va boshqarma mas’ullari  ishtirokida shu yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar, tizimdagi muammo va kamchiliklar, galdagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda jurnalist va blogerlarning viloyatda maktabgacha va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish, bolalarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish, ta’lim muassasalarining shakli va mazmuniga alohida e’tibor qaratish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha savollariga atroflicha javob berildi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda viloyatdagi 782 ta davlat, 3661 ta xususiy va davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 288 ming 947 nafar, ya’ni maktabgacha yoshdagi bolalarning 73,6 foizi qamrab olingan. Shuningdek, 1275 ta davlat va 55 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari, 19 ta ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi va 1 ta Prezident maktabida 789 ming 231 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning ta’lim-tarbiyasi bilan 62 ming 556 nafar pedagog xodimlar samarali mehnat qilmoqda.

- Prezidentimizning 2025 yil 27 dekabrdagi “2026–2028 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, viloyatdagi 83 ta umumta’lim maktabida (shundan 3 ta yangi qurilish, 70 ta rekonstruksiya va 10 ta mukammal ta’mirlash) hamda 26 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida (10 ta yangi qurilish, 13 ta rekonstruksiya va 3 ta mukammal ta’mirlash) ishlar amalga oshirilishi belgilangan, - deydi Rustam Yo‘ldoshev. - Hozirgi kunda viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi tomonidan 108 ta ta’lim muassasasidan 104 tasi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va kompleks ekspertiza xulosasi olish uchun taqdim etilgan. Shulardan 59 tasi bo‘yicha ijobiy xulosa olingan bo‘lib, ular pudratchi tashkilotlarni aniqlash maqsadida tender savdolariga chiqarilgan. Ayni paytda 14 ta ta’lim muassasasida pudratchi tashkilotlar aniqlanib, qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” dasturining joriy yilgi birinchi mavsumida 62 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Ularning 50 tasi umumta’lim maktablarida, 12 tasi esa maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash ishlari hamda moddiy-texnik bazani yaxshilashga qaratilgan. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun har bir loyihaga o‘rtacha hisobda 1,6 milliard so‘m mablag‘ aholi ovoz berish jarayoni orqali ajratilgan bo‘lib, hozirda ular bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.

Matbuot anjumanida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan boshqarma tizimidagi “mash-mashalar” bo‘yicha xizmat tekshiruvi olib borilayotgani va tez orada bu bo‘yicha xulosalar e’lon qilinishi aytib o‘tildi. Shuningdek, o‘tgan yilda o‘qituvchilarni ishga olish, o‘quvchilarni maktablarga joylashtirish bo‘yicha qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 15 nafar maktab direktori va uning o‘rinbosarlari bilan shartnoma bekor qilingan bo‘lsa, 70 nafariga intizomiy choralar ko‘rilgan.