Avtobozorlardagi firibgarlikka qarshi yangi chora belgilandi

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun muhokama qilindi.

Ushbu qonun jamiyatda adolat va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, fuqarolar huquqiy himoyasini kuchaytirish va sud tizimi shaffofligini ta’minlashni nazarda tutadi.

Kodeksga yangi 178-2-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometri ko‘rsatkichi o‘zgartirilgani yoki almashtirilgani haqida xaridorni ogohlantirmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Bu norma iste’molchilarning haqqoniy ma’lumot olish huquqini himoya qiladi va avtomobil bozoridagi firibgarliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Qonun voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishni ham kuchaytiradi. Endi voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ishlar ko‘rilganda pedagog yoki psixolog ishtiroki majburiy bo‘ladi. Bu bolalarning ruhiy holatini hisobga olish va ularni turli bosimlardan himoya qilishga yordam beradi.

Shuningdek, ma’muriy ishlar bo‘yicha “rad qilish” va “o‘zini o‘zi rad etish” tartibi joriy etilmoqda. Bu qarorlarning xolis chiqishini ta’minlaydi.

Transport boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Bu masala faqat sud tomonidan belgilangan shartlar asosida ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar qonun ma’muriy javobgarlik tizimini insonparvarlik va adolat asosida isloh qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Senatorlar qonunni ma’qulladi.