Qonunlar shunchaki ma’qullanmaydi
Samarqand viloyati hokimligida Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida muhokama qilingan masalalar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tuman, shahar studiyalari bilan ZOOM platformasi orqali tashkil qilingan tadbirni vakillik palatasining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi O.Iminov olib bordi.
Yig‘ilishda mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari raislari, tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi mamlakat qonun chiqaruvchi organi butunlay yangicha muhit va yondashuv asosida faoliyat olib bormoqda. Senatorlar ham muhokamaga qo‘yilgan barcha qonunlarni shunchaki, ko‘r-ko‘rona ma’qullab yuboravermayapti.
- Ko‘pchilik guvoh bo‘ldi, Senatning yigirmanchi yalpi majlisida ayrim qonun loyihalari, jumladan, “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan rad etildi, - dedi O.Iminov. – To‘g‘ri, bu holat ayrim ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlarni keltirib chiqardi. Aslida parlamentda shunday bahs-munozaralar bo‘lishi, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar mazkur jarayonga o‘z munosabatini bildirishi albatta, demokratik nuqtai nazardan ijobiy baholanadigan holat.
Aslida har bir hujjat yalpi majlisgacha qator chig‘iriqlardan o‘tadi. Xususan, ekspertlar kengashi jalb qilinib, dastlabki tarzda qo‘mitalarda ko‘rib chiqila- di. Qonun tashabbuskorlari ham bu jarayonda bevosita ishtirok etadi. Qolaversa, joyiga chiqib mavjud holatni o‘rganamiz. Ana shunday jarayonlardan keyin to‘la ishonch bilan qonun qaytarildi. Lekin qonun qaytarildi, degani u batamom bekor qilindi, degani emas. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Gap bu yerda qonunni puxta ishlash haqida ketyapti. Chunki Senatda muhokamaga qo‘yilgan hujjatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzatish kiritish vakolati yo‘q. Qonun yo ma’qullanadi yoki rad etiladi. Rad etilsa, u keyinchalik parlament vakillari, ekspertlar, qonun tashabbuskorlari bilan birgalikda yanada pishiq-puxta ishlanib, keyingi yalpi majlislarda qaytadan muhokamaga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Senatning yigirmanchi yalpi majlisida muhokama qilingan boshqa masalalar yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.