Pirotexnikadan foydalanish tartibga solinadi
Oliy Majlis Senatining yaqinda bo‘lib o‘tgan o‘n birinchi yalpi majlisida “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Hujjat pirotexnika vositalari ta’rifi, xavflilik sinflari, aylanma tartibi va davlat nazoratini aniq belgilaydi, shuningdek, ma’muriy jazolarni keskin oshiradi.
Aslida pirotexnika vositalarining qonunga xilof muomalasiga qarshi choralar tizimli ravishda kuchaytirilmoqda. Biroq chetdan noqonuniy olib kirish holatlarini to‘liq cheklash qiyin bo‘lgani uchun cheklov va tartiblarga qonun darajasida aniqlik kiritish zarurati tug‘ilgandi.
Shu bois pirotexnika buyumlari xavflilik darajasiga ko‘ra 5 toifaga bo‘linmoqda. Qonunga ko‘ra, I toifaga kiruvchi, xavfli hudud radiusi 0,5 metrdan oshmaydigan pirotexnika buyumlari erkin muomalada bo‘ladi. Qolgan toifadagi pirotexnika vositalari muomalasi taqiqlanmoqda.
Qonun bilan pirotexnika buyumlari tushunchasi ochib berilib, pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlari toifasiga kirishi, pirotexnika buyumlari ularning xavflilik zonasi, shu jumladan, atrofdagi fazoning zararlanish darajasidan kelib chiqib, xavflilikning I-V sinflariga bo‘linishi belgilanmoqda.
Pirotexnika buyumlarining erkin va cheklangan muomalasi belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, qonun bilan xavflilikning I toifasiga kiruvchi pirotexnika vositalari, ya’ni bengal mayoqchalari, stol fontanlari, xlopushka kabi xavfli hudud radiusi 0,5 metrdan oshmaydigan pirotexnika buyumlari erkin muomalada bo‘lishi aniq qayd etilmoqda.
Ya’ni, mazkur toifaga kiruvchi pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, ularni saqlash, foydalanish va boshqa turdagi harakatlar uchun hech qanday taqiq bo‘lmaydi.
Xavflilikning II toifasiga kiruvchi pirotexnika vositalari, ya’ni petardalar, ochiq maydonlarda foydalanishga mo‘ljallangan pirotexnik fontanlar kabi xavfli hudud radiusi 5 metrgacha bo‘lgan pirotexnika buyumlari fuqarolar va jamoat xavfsizligiga yuqori xavf manbai hisoblanishi sababli ularning muomalasi fuqarolar va yuridik shaxslar uchun to‘liq taqiqlanishi belgilanmoqda.
Xavflilikning II-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, jo‘natish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanish taqiqlanmoqda. Biroq davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarishga, tayyorlashga, saqlashga, tashishga va o‘tkazishga ruxsat berilmoqda.
Xavflilikning III-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar o‘tkazish maqsadida, xavflilikning II-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini sanoat va harbiy maqsadlarda O‘zbekiston hududiga olib kirishga, tashishga, saqlashga va ulardan foydalanishga ruxsat berilishi belgilanmoqda.
Yana bir muhim jihati, pirotexnika buyumlarining mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish maqsadidagi muomalasi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Xususan, xavflilikning III-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini O‘zbekiston Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, saqlash va ulardan foydalanish Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilishi, shuningdek, pirotexnika buyumlarini O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshirilishi mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlari pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston hududiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish, tashish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanish holatlarini aniqlash hamda ularga barham berish, shuningdek, aybdor shaxslarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirishi belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanganlik (185−1-modda) uchun belgilangan ma’muriy jazo chorasi kuchaytirilmoqda. Jumladan, ushbu turdagi qonunbuzarlik uchun amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdordagi jarima jazosi — bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha oshirilmoqda.
Maryam Niyozova,
Oliy Majlis Senati a’zosi.