Shahar bedarvoza emas yoxud taqiqlangan vositalar savdosiga chek qo‘yildi

Aholi o‘rtasida pirotexnika vositalaridan foydalanish holatlarini kamaytirish maqsadida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ammo nafsiga qul bo‘lgan kimsalar hamon oramizda uchrab turibdi.

Birgina 16 dekabr kuni 15 nafar fuqaro 28 043 ta pirotexnika vositasi bilan qo‘lga tushdi.

Xususan, Paxtachi tumani hududida o‘tkazilgan maxsus profilaktik tadbir davomida tumandagi Mojor mahallasida yashovchi voyaga yetmagan X.K. hamda Toma mahallasida yashovchi Z.Sh. pirotexnika vositalaridan foydalanayotgan vaqtida ushlanib, xolislar ishtirokida tekshirilganda 122 dona, umumiy qiymati 100 ming so‘mlik “Noviy vek” rusumli pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlar davomida Panjikent ko‘chasida joylashgan internet do‘koni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida Samarqand shahrida tug‘ilgan fuqaro A.J. 5 dona mushak va 5 400 dona “Britanik” nomli umumiy qiymati 380 ming so‘mlik pirotexnika vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi, shahardagi 58-umumta’lim maktabi 4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan  reyd tadbirlari davomida Darg‘om mahallasi Shahriston ko‘chasida yashovchi voyaga yetmagan X.J. ning yonidan 3 quti 165 dona “Noviy vek” hamda 3 quti 160 dona “Treniya” nomli umumiy qiymati 250 ming so‘mlik pirotexnika vositasidan foydalanayotganligi aniqlandi.

Bulung‘ur tumani Mirzaariq mahallasida yashovchi fuqaro Sh.I. voyaga yetmagan farzandi T.D. bilan birgalikda Samarqand shahar Dahbed ko‘chasida joylashgan “Bek” mehmonxonasi oldida noqonuniy ravishda “Treniya” nomli umumiy qiymati 800 ming so‘mlik 1100 dona pirotexnika vositalarini yonida olib yurganligi, Charmgari mahallasi Kaftar ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Sh.ning yonidan 1200 dona, umumiy qiymati 800 ming so‘mlik pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Yangiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi A.Sh. pirotexnika vositasini ishlatgan vaqtida uning yonidan 3 quti 135 dona umumiy qiymati 100 ming so‘mlik “Treniya” yozuvli pirotexnika vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Yana bir tezkor-qidiruv tadbirida Toyloq tumani O‘zbekiston mahallasida yashovchi fuqaro R.J.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, jami 10 200 dona "Britanik" nomli umumiy qiymati 4 million 250 ming so‘mlik pirotexnika vositalarini sotayotganligi aniqlandi.

Urgut shahar “Bog‘ishamol” mahallasi hududida o‘tkazilgan tadbir davomida esa mazkur mahallada yashovchi voyaga yetmagan, tumanning 85-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil oluvchi G‘.I. tomonidan noqonuniy ravishda 7 dona “Zolotoy pesok” nomli taxminiy baxosi 420 ming so‘mga teng bo‘lgan pirotexnika vositalarini sotayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.

Past Darg‘om tumani hududida o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbirlar natijasida tumanda joylashgan 41-umumta’lim maktabi o‘quvchisi E.A. o‘zining yashash uyida pirotexnika vositalarini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi to‘g‘risida ma’lumot olindi. Tadbir davomida fuqaro E.A.dan yashash xonadonida umumiy qiymati 840 ming so‘m bo‘lgan 2 760 dona “Noviy vek” nomli pirotexnika vositalari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

Nurobod tumani hududida olib borilayotgan “Pirotexnika-2022” tadbirlari davomida Nurbuloq mahallasi H.Olimjon qishlog‘ida yashovchi fuqaro E.J.ning bozor sumkasi ko‘zdan kechirilganda, uning ichidan “Treniya” nomli 10 200 ta, umumiy bahosi 5 million so‘m qiymatdagi pirotexnika vositalari borligi va uni sotayotganligi aniqlanib, qonuniy hujjatlashtirib olindi.

Samarqand tumanida olib borilgan profilaktik ishlar davomida, Qavchinonibolo mahallasida yashovchi voyaga yetmagan S.A.noqonuniy ravishda “Britanik” va “Treniya” nomli pirotexnika vositalarini saqlab kelayotganligi aniqlandi. Mazkur fuqarodan jami 600 dona, umumiy qiymati 400 ming so‘mlik pirotexnika vositalari daliliy ashyo sifatida olindi.

Hozirda yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan qonuniy tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli  moddalariga asosan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.