Samarqandda 111 million so‘mlik pirotexnika vositalari savdosiga chek qo‘yildi

Yangi yil arafasida pirotexnika vositalaridan foydalanish holatlarining avj olishi, lahzalik “zavq” ortidan tashvishli va hattoki, qayg‘uli holatlarning sodir bo‘lishi bayramga yarashmaydi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi, viloyat Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi hamda viloyat Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida pirotexnika vositalarini ko‘cha-ko‘yda pullash bilan bog‘liq noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Natijada, “KIA Carnival” rusumli avtomashinaning yukxonasida fuqaro U.A.ga tegishli bo‘lgan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 111 million so‘mlik 56 172 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlab o‘tish joizki, joriy yilning o‘tgan davri davomida viloyat bojxonachilari tomonidan pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish yo‘nalishida 12 ta holatda, qiymati 153 million so‘mga yaqin, jami 453 530 dona pirotexnika vositalarining savdosiga chek qo‘yildi.

G‘ayrat SATTOROV,

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhi katta inspektori.