Zo‘ravonlikka uchraganlar “boshpanasi”
Oiladagi zulm, zug‘um bilan bog‘liq ba’zi ko‘rguliklar haqida eshitar ekansiz, beixtiyor uning ildizlari haqida o‘ylay boshlaysiz.
Ayniqsa, shu masalalar bilan shug‘ullanib yurgan mutaxassislar aybni bir insondan izlamaydi. Hatto, zulmkor ham o‘z-o‘zidan bu holga kelib qolmagani, uning ham o‘z haqiqatlari borligini bayon etishadi. Lekin bu haqiqatlar ham uni oqlay olmaydi-da.
“Onam ajrashgan, menam ajrashmay, dedim...”
Sarvinoz (ism o‘zgartirilgan) 18 yoshida chekka bir qishloqqa kelin bo‘lib tushdi. Hali navniholgina qizni o‘zidan o‘n yosh katta erkakka ikkinchi xotin sifatida, shar’iy turmush asosida uzatishga kattalarni nima undadi ekan? Bu haqda keyinroq to‘xtalamiz. Uning bu oilada ko‘rgan-kechirganlari har qanday insonni dahshatga soladi.
Sarvinoz kelin bo‘lib tushgach, barcha kelinlar singari ro‘zg‘or yumushlari bilan andarmon bo‘ladi, orada o‘g‘il farzand ko‘radi. Mayda-chuyda gaplar, kelinni kamsitishlar odatiy kunlarning odatiga aylanadi, Sarvinoz ham hayot shu ekan, deya bu zug‘umlarga chidaydi. Axir shundog‘am onasi momosi bilan yashagan, u esa tog‘asining qo‘lida katta bo‘ldi. Maktabga bormadi, faqat uy ishlari bilan shug‘ullandi. “Endi menam ajrashib borsam odamlar nima deydi, bularning o‘zlarida bir gap bor ekan, deb o‘ylamaydimi qishloqdagilar?”. Sarvinoz faqat shu xayolda bo‘ldi, shu xayol bilan har kungi kamsitishlarga chidadi. Keyin ikkinchi farzandi tug‘ildi. Kamsitishlar qo‘l ko‘tarishga, tahqirlashga aylandi. Qaynona gijgijlaydi, er uning gapiga quloq solib, badtar jazavaga tushadi. Oxiri ona va o‘g‘il bolalarni olib qolib, bu ayoldan ham voz kechish payiga tushadi.
- Avvaliga chordoqqa olib chiqib osishga harakat qilishdi, rosa yalindim.
- Baqir-chaqirni hech kim eshitmadimi?
- Dasht hududi-ku, xonadonlar bir-biridan uzoqroqda joylashgan.
- Onangiz, tog‘angiz bu haqda bilarmidi, nega ular jim qarab turishdi?
- Boshqa viloyatdan kelin bo‘lib tushganman, qo‘limda telefon yo‘q, uyga kam borardim, ruxsat berishmasdi. Qaynonamning, «O‘zini o‘zi osib qo‘yibdi, deb gap chiqaramiz, aqldan ozibdi», deb aytayotganini eshitdim bir necha marta.
- Nega yo‘lini qilib ichki ishlarga qo‘ng‘iroq qilmagansiz, mahallaga bormagansiz?
- Bir necha marta shunaqa holat bo‘lgandan keyin mahallaga bordim, ular markazga murojaat qilishimni aytdi. Keyin markazga bordim va o‘sha yerda menga yordam berishdi.
- Qanday yordamlar ko‘rsatildi?
- Asabiylikdan sog‘ligim ancha yomonlashib qolgandi, tibbiyot xodimlari, ruhshunoslar men bilan ishlashdi. Ikki farzandimni ham ular olib qo‘yishga harakat qilishdi, markaz huquqshunosi bu masaladayam menga yordam berdi. Bu yerda o‘zimga ishonchim ortdi. Mana, sizlarga ham bu haqda bemalol gapirib beryapman. Oldin bularni gapira olmasdim...
Tizim chinakamiga ishlay boshladi
Bu voqea ortida qanchalik dard, qanchalik chuqur yaralar va ularni niqoblashga intilish borligi baribir sezilib turardi. Hali 25 ga ham kirmagan ayol u. Yaxshi kelin bo‘lsam, hammasiga chidasam, oilamni saqlab qolaman, deya intilayotgan ayol. Endi bolalarim uchun yashayman, ular uchun qaddimni tik tutaman, deya ahd qilgan ayol.
Bir paytlar oiladagi maishiy zo‘ravonlik haqida gapirish, ularni himoya qilish murakkab jarayon edi. Bu holatlar ko‘paygach, garchi gapirila boshlasa-da, ammo bunday oilalarga, xotin-qizlarga ko‘mak berish tartibi, imkoni deyarli yo‘q edi. To‘g‘ri, xotin-qizlar qo‘mitalari qoshida shunday markazlar tashkil etilgan, ammo bino bor-u, unda yashash uchun hech qanday imkon bo‘lmasdi. Ya’ni, ularni ma’lum muddat bo‘lsa-da, oziq-ovqat bilan ta’minlash, farzandlarining yashashi uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilmagani uchun bu maskanlarga ayollarni joylashtirishni ham mutasaddilar xayoliga keltirmasdi.
Keyingi yillarda masalaga tizimli yondashuv yuzaga keldi. Avvalambor, “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlar uchun reabilitatsiya xizmatlari” milliy standarti ishlab chiqildi. Yordam berish tartiblari ham aynan ana shu standartlar asosida amalga oshirila boshlandi. Unga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, o‘z joniga qasd qilishga uringan ayollar, ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun shahar va tuman markaziy shifoxonalari shoshilinch qabul bo‘limida birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etilgan bo‘lib, ilk yordam o‘sha yerda ko‘rsatiladi. Keyinchalik zarurat bo‘lganda, ular Ijtimoiy himoya milliy agentligiga qarashli Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy bo‘limlariga joylashtiriladi va vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi. Xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.
112 yagona dispetcherlik xizmati hamda 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni”ga tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushganda, mutaxassislar tomonidan xotin-qizlarga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda boshqa masalalarda xizmatlar ko‘rsatiladi. Zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga chora ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda qo‘ng‘iroqlar ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga yo‘naltiriladi.
Patronaj hamshiralar xonadonlarga tashrif buyurish jarayonida kuzatilgan xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik holati yuzasidan zudlik bilan majburiy tarzda ichki ishlar idoralariga xabar beradi.
Ishonchni qaytarish – muhim masala
- Yil davomida markazimiz 55 nafar ayolga shunday xizmatlarni ko‘rsatdi, - deydi ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi viloyat bo‘limi rahbari Gulmira Rahimova. – Asosan 12 toifa xotin-qizlar bilan ish olib boramiz. Ushbu mezonlarning barchasi mahallalarda faoliyat ko‘rsatadigan ijtimoiy xodimlar tomonidan doimiy ravishda o‘rganib boriladi. Tegishli ko‘rsatmalar bo‘lgach, markazga keltiriladi.
Odatda zo‘ravonlikka uchragan ayolning ruhiyatida, salomatligida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi. Birinchi navbatda shu bilan ishlaymiz. Ayol bu haqda gapirishni istamaydi, dardini aytish uning uchun yana bir jiddiy stress, ruhiy buzilishga olib keladi. Shuning uchun bu masalada har bir ayolga individual yondashyapmiz.
Ruhiy, tibbiy yordamdan so‘ng ularning huquqiy masalalari o‘rganiladi. Chunonchi, uning haq-huquqlari, farzandlariga egalik huquqi, uy-joy masalalari va boshqa jihatlar huquqshunosimiz tomonidan amaliy tartibda ijro etiladi.
Markazimizda yashayotgan ayollarning farzandlari uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari bepul, maktabga qatnaydiganlari uchun umumta’lim muassasasi tanlab, hujjatlashtirish ishlarini amalga oshiramiz. Ayollarning o‘zlari vaqtini shunchaki o‘tkazmaydi, markazda 5 turdagi kasb-hunar o‘rganish kurslari yo‘lga qo‘yilgan. Aksariyati bu yerdan hunar o‘rganib, keyinchalik ro‘zg‘orini uddalab ketganlarini ko‘rib, ishimizdan mamnun bo‘lamiz. Ammo muammolari yechimi uchun uzoq vaqt lozim bo‘lgan ayollar ham ko‘pchilik.
Bizning maqsadimiz birinchi navbatda ayolni hayotga, uning o‘ziga, yashashga bo‘lgan ishonchini qaytarishdan iborat. Biz uning oilasi buzilishi yoki ajrashishi tarafdori emasmiz, bu masalani har bir ayol ma’lum bir muddat o‘ziga kelgach, o‘zi hal qilishi lozim. Uning oilasi, turmush o‘rtog‘i bilan ishlamaymiz, asosiy e’tiborni ayolga qaratamiz.
Agressorning “haqiqat”lari
- Aslida hech bir inson zo‘ravon bo‘laman, ayolim yo boshqalarga ziyon yetkazaman, deb tug‘ilmaydi, bunga intilmaydi, - deydi markaz psixologi Fotima Yunusova. – Agressor, ya’ni bizning tilda zo‘ravonni shunday nomlashadi, bunday holga kelishiga o‘z oilasidagi notinchliklar, bolaligida oilasida ko‘rgan zulmlar sabab bo‘ladi. Ong ostida qolib ketgan adolatsizliklar, unga nisbatan bo‘lgan kamsitishlar bora-bora ichki bir nafratga aylanadi va u ulg‘aygach, hammadan alamini olishni istaydi. Bu alamni chiqarib yuborish insonni o‘ziga, o‘z ustida qanchalik ishlashiga bog‘liq. Psixolog mutaxassisga murojaat qilish lozim bunday holatlarda.
Tabiiyki, insonning bunday o‘tmishi unga zulm uchun eshik ochiqligini bildirmaydi. Har bir inson, avvalo, o‘z xatti-harakatiga javob bera olishi kerak. Harakatlarining noto‘g‘ri ekanligini anglab, o‘z vaqtida bunga barham bermas ekan, bu holatga o‘zi ham ko‘nikadi va avj oladi.
Keyin ayoliga qo‘l ko‘taradigan ko‘pchilik erkaklar bunga bahonalar izlaydi, rafiqasidan kamchilik axtaradi va u bunga majbur ekanligini aytadi. Aslida bu o‘z-o‘zini oqlashdan boshqa narsa emas.
Oilamni asrab qolmoqchiman!
- To‘g‘ri, bu yerga kelgach, o‘zimni ancha tiklab oldim, o‘zimga o‘xshagan ayollarni ko‘rdim, kimdandir o‘rgandim, kimgadir ibrat bo‘ldim, - deydi shu markazda yashagan yana bir ayol. – Oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lganim uchun oilamizda notinchliklar yuzaga kelgan paytdanoq, avvalo, aybni o‘zimdan izlay boshladim. Ehtimol, yaxshi oila bekasi bo‘lmayotgandirman, deb o‘zimni tahlil qilishga harakat qildim. Lekin oilamizdagi notinchliklar barham topmadi, doimiy janjal, qo‘l ko‘tarishlar, hayotimga nisbatan tajovuzlar...
To‘g‘ri, markazda biz, ayollarga zarur bo‘lgan barcha xizmatlar ko‘rsatilyapti, salomatligimiz, ish bilan ta’minlash deysizmi, hamma muammomizni qamrab olgan holda ish olib borilyapti. Lekin meni o‘ylantirayotgan masala bor. Men bu yerdan chiqib, yana o‘sha uyimga qaytishim kerak. Zulm qilayotgan inson bilan hech kim ishlamayapti-ku! Uning fikrlashi, o‘zini tutishi necha yillar davomida o‘zgarmayapti, axir. Farzandlarim otasiz o‘smasligini men ham istayman, ajrashib ketish oson. Lekin ular o‘z otasi bilan katta bo‘lishi kerak, degan fikrdaman, bir oila bo‘lib yashasak, deyman. Ammo hozir qaytib borsam, yana o‘sha ahvol, qolaversa, ichki ishlar idoralari aralashgani tufayli “meni sharmanda qilding”, deb avvalgidan ham badtar holatga solishi mumkin-da, axir.
Xulosa o‘rnida
Ayolning fikri kishini o‘ylantiradi: maslahat berish oson, lekin uning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘rsangiz, qanday yo‘l tutish kerakligi haqida jiddiy o‘yga tolasiz. To‘g‘ri, yuqorida ta’kidlanganiday, bugun zo‘ravonlikka uchrayotgan xotin-qizlar uchun barcha bosqichlarni ko‘zda tutadigan tizim ishlay boshladi. Ammo ayolni shunday holga keltirayotgan, oilaning tinchligiga rahna solayotgan inson bilan kim ishlaydi? Tizimli ishlarning keyingi bosqichlarida bu masalaga ham e’tibor qaratilar, degan umiddamiz.
Gulruh Mo‘minova.