Charli Chaplinning hayot qoidalari: Mening dardim birovning kulgisi sababi bo‘lmasin...
Amerika va Angliya kinoaktyori, ssenariynavis, bastakor, kinorejissyor, prodyuser va montajchi Charli Chaplin jahon kinosining eng mashhur obrazlaridan biri 1910 yillarda “Keystone” kinostudiyasida namoyish etilgan qisqa komediya janridagi daydi Charli obrazini yaratdi.
Garchi uning ijodi 1920 yillardan boshlab, jiddiy ijtimoiy mavzularni qamrab olgan bo‘lsa-da, qisqa metrajli filmlarida Chaplin so‘zsiz, imo-ishoralar bilan ko‘rsatiladigan tomosha - pantomima va masxarabozlik usullaridan faol foydalangan.
Hayot yo‘lidagi qiyinchiliklar va fojialarga qaramay, Charli Chaplinning hayotga bo‘lgan munosabatini dono, falsafiy va optimistik deb ta’riflash mumkin. U samimiylik, soddalik, kulgi, davrga mos yashash va "qalb donishmandligini" qadrlagan. Chaplin odamlarni boricha qabul qilishni, boshqalar umidida bo‘lmasdan, o‘zlari bilan uyg‘unlikda yashashga intilishni o‘rgatdi.

Bugun Charlz Spenser Chaplinning qiziqarli iqtiboslarini birga baham ko‘ramiz:
Hayot go‘zal narsa - hatto meduza uchun ham.
Men siyqasi chiqqan iboralardan qo‘rqmayman. Butun hayot bir qolipdagi gaplardan iborat. Hammamiz yashaymiz va o‘lamiz, kuniga uch marta ovqatlanamiz, sevamiz va sevishda to‘xtaymiz.
Hech qachon bola bo‘lmagan odam - hech qachon katta bo‘la olmaydi.
Ko‘p vaqtim sirkda o‘tgan. Men har doim dorbozlardan juda xavotirlanardim.
Hammasi tasodifan sodir bo‘ldi. Operator mendan grim qilinishim kerakligini aytdi. Kiyim-kechaklar bo‘limiga qarab borarkanman, yo‘l-yo‘lakay o‘yladim: barchasi bir-biriga qarama-qarshi bo‘lishi kerak: keng shim va tor ko‘ylak, katta bosh va kichkina shlyapa, juda toliqqan, lekin baribir jentelmen.
Oddiylik - qiyin masala.
Hammasi samimiylikda. Banan po‘stlog‘ida sirg‘alib yiqilib tushgan cholga rahmimiz keladi. Mabodo, xuddi shu narsa biror bir o‘shqirgan boy janob bilan sodir bo‘lsa, biz kulamiz.
Mening dardim birovning kulgisi sababi bo‘lishi mumkin, lekin kulgim hech qachon birovning dardiga sabab bo‘lmasligi kerak.
Men tomoshabinning ham kulishini ham yig‘lashini istardim, kim nima desa desin, lekin men buni uddasidan chiqdim.
Mening eng yaqin do‘stim ko‘zgu, chunki hech qachon men yig‘lagan paytimda u kulmaydi.
Fikrlash qobiliyati skripka yoki pianino chalishga o‘xshaydi; bunday mashg‘ulot kundalik amaliyotni talab qiladi.
Hayot - bu repetitsiya qilinmaydigan pesa. Shunday ekan, bor kuchingiz bilan hech qanday qarsaklarni kutmasdan, parda yiqilib, sahna tugaguncha qo‘shiq ayting, yig‘lang, raqsga tushing, kuling va soxtalashmang.
Bu foniy dunyoda hech narsa abadiy emas, hatto noxushliklar ham.
Ko‘p narsaga qodir kishilar yanglish daho deb qabul qilingan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.