Umrini Samarqand kulolchiligi rivojiga bag‘ishlagan usta

Sharif Azimov Samarqand kulolchiligi maktabining yirik vakili, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqiqiy a’zosi.

Mohir hunarmand 55 yildan buyon ushbu hunar bilan shug‘ullanib keladi.

Sharif Azimov maktabda o‘qib yurgan paytida, 1970 yilda 15 yoshidan boshlab O‘zbekiston xalq rassomi Usta Umar Jo‘raqulov ustaxonasiga kelib, kulolchilik sirlarini o‘rganishga kirishgan. O‘shandayoq u o‘z iste’dodini ko‘rsata olgan, kulolchilik tarixini o‘rgangan, muzeylarda saqlanayotgan ming yillik eksponatlarni tahlil qilgan. Bir yil o‘tgandan keyin o‘z asarlarini ko‘rgazmalarda namoyish eta boshlagan.

Usta 2011 yilda “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, yengil avtomobil bilan taqdirlangan, AQShda o‘zbek keramikasi art-studiyasi ochgan, ko‘zalar yasab, san’atimizni Amerikada targ‘ib qilgan, ko‘plab ko‘rgazmalar tashkil etgan.

Sharif aka bilan suhbatimiz u kishining faoliyati, kulolchilik tarixi va buguni haqida kechdi.