Savdoda sabr va iymon sinovi
Ustozim Imomi A’zam hazratlarining savdo karvoni haqidagi ikki xil xabarga bildirgan javoblari meni lol qoldirgan edi: «Olguvchi ham, berguvchi ham Alloh!».
Oradan yillar o‘tsa-da, o‘sha so‘zlar qalbimdan o‘chmadi. Aqlni shoshiradigan miqdorda oltin topsam ham, haddan ortiq quvonib ketmadim. Og‘ir ko‘ngilsizliklarga duch kelganimda esa yoqa yirtishga shoshilmadim.
Bir kuni faqat o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqea sodir bo‘ldi. Bozorda bir olibsotar bilan uchrashib qoldim. U menga katta miqdorda teri va chilvir buyurtma qildi. Pulini molni olgach berishini aytdi. Ishondim. Chunki lafz — insonning tirikligidir; lafzsiz odam o‘likdan farq qilmaydi.
Oradan ikki oy o‘tib, buyurtma qilingan molni to‘liq yetkazdim. U molni qabul qildi va pulini ertasi kuni berishini aytdi. Ammo shu mollarga butun sarmoyamni tikkanimni u bilmas edi. Ertasi kuni esa undan darak bo‘lmadi.
Bu orada gazlama va mo‘yna olib kelishim shart edi. Mijozlar betoqatlana boshladi. Noiloj, gazlama xarid qilish uchun bir tanishimdan katta miqdorda qarz oldim. Muddatni bir oy deb belgiladik. Teri buyurtma bergan chayqovchi esa, uzog‘i yigirma kunda pulimni qaytarishga va’da berdi.
Savdo karvonim bilan qaytib kelganimda rosa bir oy o‘tgan edi. Qarzimni uzish uchun chayqovchidan pul so‘radim. U yana muddat so‘radi. Faqat qarzining o‘ndan bir qismini qaytardi. Jahlim chiqdi, ammo ustozimning nasihatlari yodimga tushib, o‘zimni tiydim. Unga so‘nggi muddatni berdim va tanishim oldiga borib uzr so‘radim.
Tanishimga pul juda zarur ekan. Ikki kun ichida molimni yarim bahosida sotib, qarzni qaytardim. Kasodga uchradim.
Yaqin bir yil davomida na gazlama, na mo‘yna olib kela oladigan darajada sarmoyasiz qoldim. Chayqovchi esa va’dasida turmadi. Faqat olti oy o‘tgachgina qarzini qaytardi. Men jahl qilmadim. Pulni oldim va olibsotarlar bilan ish qilmaslikka ahd qildim.
Xullas, ortiqcha xursandchilik — g‘ururga, ortiqcha g‘am esa omadsizlikka sabab bo‘lar ekan. O‘shandan beri na g‘amlarga haddan ziyod kuyinaman, na xursandchiliklarga ortiqcha suyunaman.
Abdulloh ibn MUBORAK.