Trampning Tinchlik kengashiga taklif etilgan davlatlar ro‘yxati e’lon qilindi
Bloomberg nashri manbalar va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga tayangan holda AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilayotgan Tinchlik kengashiga taklif etilgan davlatlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ro‘yxatga jami 49 ta davlat kiritilgan bo‘lib, ular orasida Yevropa davlatlarining aksariyati, shuningdek Rossiya, Belarus, Ukraina, Isroil, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Umon va boshqa mamlakatlar mavjud. Shuningdek, ro‘yxatda Yevropa komissiyasi alohida sub’yekt sifatida ko‘rsatilgan.
Bloomberg qayd etishicha, barcha davlatlar hali taklif olganini rasman tasdiqlamagan va e’lon qilingan ro‘yxat to‘liq emas.
Ro‘yxatda Xitoy nomi keltirilmagan. Biroq AFP agentligi ma’lum qilishicha, Pekin ham Tinchlik kengashiga taklif olganini tasdiqlagan. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili rasman ma’lumot bergan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Donald Trampdan Tinchlik kengashiga ta’sischi-davlat maqomida qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif olgani ma’lum. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu taklifga javoban rasmiy maktub yo‘llab, O‘zbekistonning Kengash ishida ishtirok etishga roziligini bildirdi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Donald Tramp ertaga, 22 yanvar kuni Davos iqtisodiy forumi doirasida Tinchlik kengashi ustavini imzolashni rejalashtirmoqda. Bu ayrim taklif etilgan tomonlar Kengash faoliyati shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirgan chaqiriqlarga qaramasdan amalga oshirilishi mumkin.
Tinchlik kengashi tashabbusi xalqaro xavfsizlik va mojarolarni bartaraf etish bo‘yicha yangi platforma sifatida taqdim etilmoqda.