Turli millat vakillarini birlashtirgan ulug‘ qadriyat

Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Samarqand shahridagi viloyat «Kelajak markazi»da madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Viloyat tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyati hokimligi, viloyat adliya boshqarmasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining viloyat bo‘linmasi, «Yuksalish» harakati vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, ziyolilar, nuroniylar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar tadbir avvalida markaz o‘quvchilari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmani tomosha qildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Vatan mustaqilligi, yurt tinchligi va xalq farovonligi eng ulug‘ qadriyatlardan ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, mamlakat taraqqiyoti va uning kelajagini ta’minlashda har bir fuqaroning mas’uliyati hamda munosib hissasi muhimligi qayd etildi.

- Mustaqillik, bu - bizning eng katta yutug‘imiz - deydi viloyat tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi raisi Shuhrat Samatov. - U xalqimizning asrlar davomidagi orzu-umidlari, ozod va farovon hayotga bo‘lgan intilishlarining amalga oshgan ifodasidir. Bugun aynan shu ne’mat tufayli O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilab, dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallab bormoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat mustaqilligining qadri va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, uni yanada mustahkamlash, shuningdek, yurtimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va totuvlikni yuksaltirishdan iborat.

Milliy madaniyat va san’at namunalari namoyishi tadbirga yanada fayz kiritib, turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Dasturdan o‘rin olgan madaniy-ma’rifiy chiqishlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.