“Asfalt ko‘rmagan”lar dunyo kezyapti

Inson qadri ulug‘langan yurt. Bu mamlakatimiz – O‘zbekistonga berilayotgan ta’rif. Darhaqiqat, keyingi yillarda hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson qadri yotibdi. Uzoq yillar qiyinchiliklar girdobida hayot kechirgan xalqimiz farovonligi kundan-kunga yaxshilanib bormoqda.

Farovon kunlar...

Esingizdami? Bundan bir necha yillar ilgari odamlarni qiynagan masalalardan biri naqd pul muammosi edi. Olis hududlarda faqat moddiy yordam yoki bolalar puli bilan kun kechiradigan oilalar plastik kartasini ko‘tarib, markazdagi u do‘kondan bu do‘konga yugurib, sarson bo‘lganlari aqlga sig‘maydi. Qishloqlarda sanoqligina - biri rasmiy, yana biri norasmiy bo‘lgan kichik-kichik do‘konlarda esa terminal degan matohni topish amrimahol edi. Naqd pul zarur bo‘lgan ehtiyojmand kishi plastik kartasidagi pulning katta foizini “tadbirkorlar” cho‘ntagida qoldirishga majbur edi.

Bugun-chi? Bugun bu muammoga yechim topildi. Olis qishloqlarga ham zamonaviy va sifatli bank xizmatlari ko‘rsatadigan qurilmalar kirib bordi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va pensiya yoshidagi fuqarolarga moddiy yordam hamda nafaqa pullari ular istagandek tarqatilyapti.

Charog‘on tunlar...

Olis qishloqlarni qo‘ya turaylik, tuman markazlarida kuzatiladigan elektr energiyasi muammosi aholiga azob beradigan eng og‘riqli nuqta edi. 

- Qo‘shrabot tumanining tog‘lar orasida joylashgan Pangat qishlog‘ida tug‘ilib, o‘sdim, - deydi Kamola Musurmonova. – Ayni o‘smirlik davrim qiyinchilik bilan o‘tdi. Qishlog‘imiz bir sutkada bor-yo‘g‘i ikki soatgina  elektr energiyasi bilan ta’minlanardi. Kunduzlari ota-onamga uy yumushlarida ko‘makdosh edim. Kechalari esa shamchiroq yorug‘ida kitob o‘qirdim. Internet orqali ma’lumotlar olish xayolimizgayam kelmasdi. Maktabimizda kompyuterlar bor, ammo ulardan foydalanishning imkoni yo‘q edi. Bugungi kunda qishloq yoshlari uchun ham shahardagidan qolishmaydigan sharoit yaratilgan. Tunda xonadonlar, hatto ko‘chalar ham charog‘on. Internet tarmog‘i uchun  WiFi qurilmalari o‘rnatilmagan ta’lim muassasasi qolmadi deyarli. Buning qadriga yetishimiz kerak.

Hokim buvalarni faqat televizorda ko‘rardik

Xalq dardini tinglaydigan biror bir tashkilot rahbari yo‘q edi. Qalashib yotgan muammolarni birovga aytolmasdik. Aytgan bilan foydasi yo‘q edi. “Katta”lar sayyor qabul nima ekanligini bilmasdi.

Bugun olis hududlarda, tog‘lar orasida yashayotgan oddiy dehqon ham o‘z haq-huquqni bildi. Nohaqlik bo‘lsa, kurashishni o‘rgandi.

- Avvallari hokim buvalarni faqat televizorda ko‘rardik, - deydi Qo‘shrabotning olis qishlog‘i Quvkallada yashovchi otaxonlardan biri. – Endi esa rahbarlar xalq orasiga kirib kelyapti. Birgina misol, yaqinda tumanimiz hokimi biz yashayotgan shu tog‘lar bag‘ridagi qishloqqa keldi. Dardi ichida bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni tingladi. Arzimagandek tuyulgan, ammo mahallada hal etilmay kelayotgan muammolarga yechim topildi. Shu kunning o‘zida ayrim xonadonlarga gaz ballon keltirildi. Shu paytga qadar ular o‘choqda o‘tin yoqib,  qora qozonda ovqat pishirishgan.

Uyimizga deputat keldi

Nargiza opa bundan 20 yillar avval tizza bo‘g‘im kasalligi bilan yotib qolib, shundan beri nogironlar aravachasida yuradi. Bir necha marta tegishli idoralarga, tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Foydasi bo‘lmagach, taqdirga tan berib, yashashda davom etgan.

- Turmush o‘rtog‘im - Ilhom aka mard va hokisor inson, - deydi u. - Shu kishining men sabab kechirgan azob-uqubatlarini unuttirish uchun ham tuzalishim kerak edi. 25 yil oldin yaxshi niyatlar bilan turmush qurgandik, ammo menga onalik baxti nasib qilmadi. Ilhom aka umidini uzmadi. Men qanchalik urinmay, u ajrashishni istamadi. Oradan 5-6 yil o‘tib, xastalikka chalinib, yurolmay qoldim. U baribir meni tashlab ketmadi. Yaqinda uyimizga mahalla faollari bilan birga bir kishi kirib keldi. Deputat ekan. Oyoqlarimni operatsiya qilish uchun 40 million so‘m ajratilganini aytdi. Bu menga qanchalar xursandchilik bag‘ishlaganini so‘z bilan ifodalay olmayman. Endi bor umidim shu operatsiyadan.

Qishloq bolasi xorijning nufuzli oliygohida o‘qiyapti

Ayrim chekka qishloqlarda yashaydigan yoshlar orasida viloyat, hatto tuman markazini ko‘rmaganlar borligiga ko‘pchilik ishonmasdi, ammo bu ham haqiqat edi. Bir kuni qishloqqa ketayotib, taksida bir yigit bilan tanishib qoldim.

- Bir tuman markazida yashaydigan uzoqroq qarindoshimizning o‘g‘li bundan o‘n yillar avval akam ikkimizga “asfalt ko‘rmaganlar”, deb hazillashganday bo‘lgani hech esimdan chiqmaydi, - deydi u. – Yaxshiyam shu gapni aytgan ekan. Qattiq ta’sirlanib, yana-da ko‘proq o‘qishga, izlanishga harakat qildik. Taqdirni qarang, bugun akam o‘sha qarindoshlarimiz yashayotgan tumanga hokim bo‘ldi. Men esa Janubiy Koreyaning nufuzli oliy o‘quv yurti talabasiman. Xalqaro tanlovlarda qatnashish imkoniyati tug‘ilib, dunyoning bir necha davlatlarida bo‘ldim.

***

Ha, bugun yurtimizda keng imkoniyat eshiklari ochiq. Bir so‘z bilan aytganda, inson qadri ulug‘lanyapti. Bizdan faqat shu imkoniyatlardan unumli foydalanish va dorilomon kunlarning qadriga yetish talab qilinadi.

To‘lqin Siddiqov.