Vatani yo‘q odam hech kimi yo‘q odamdir

Har gal Mustaqillik bayrami yaqinlashaversa, Vatanga bo‘lgan mehrim oshib, oldingi vaqt bilan bugunning manzaralarini taqqoslay boshlayman.
Kunora o‘zgarayotgan yurtimiz, osmono‘par binolaru ravon yo‘llar, qanchadan qancha davlatlarda manaman deb o‘zligimizni namoyon etib, hirpirab, nur bag‘ishlab turgan bayrog‘imiz, yoshligim, ona qishlog‘im – Bog‘imaydonning beg‘uborligi, betakror ob-havosi-yu shirin-shakar mevalari, bog‘u rog‘lari bilan oldingi va bugungi qiyofasi ko‘z oldimga gavdalanadi.
Har qanday odam Vatan deganda beixtiyor yuragi tubidan Ona Vatan, deydi, degisi keladi. Buning boisi, o‘zi o‘sib ulg‘aygan, voyaga yetgan jonajon oilasi, qishlog‘i, tumanu shahrini Vatan deb bilib, o‘z onasini sevgandek butun borlig‘i bilan sevadi...
Samarqand… Aziz va muqaddas yurt, afsonalar shahri...
Chindan ham Xudoning nazari tushgan, Egamning panohidagi muborak zaminsan. Sening har qarich yering, har bir siqim tuprog‘ing aziz va muqaddasdir. Chunki bu zaminda aziz-avliyolar, Shayx Abumansur Moturidiy, Xoja Ismoil Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ daholar yashab, ijod etishgan, shuhratini olamga yoyishgan. Mahobatli obidalaring ta’rifida qalam ojizlik qiladi. Registon maydonidagi Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug‘bek madrasalarining shukuhi asrlar osha hammani hayratga solmoqda. Mirzo Ulug‘bek madrasasida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy tahsil olgan, Jaloliddin Rumiy Balxda tug‘ilgan bo‘lsa-da, bolaligi sening bag‘ringda o‘tgan…
Ha, fransiyalik siyosatchilardan biri aytganidek, Amir Temur seni Samarqandni siyosat markaziga aylantirgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek dunyo madaniyati markaziga aylantirdi!
Eling pok mazhabli, diyonatli, iymonli. Bobur tili bilan aytganda, «mutasharri’ va mutadayyin». Ovqatlaring, mevalaring bir-biridan shirin, mazali, suving va noning juda ham xushta’m.
Chindan ham Samarqandning chor-atrofi bog‘. Zarafshon vodiysida bahorda gulzorlarning, yozda esa shirasi ichiga sig‘may, o‘rnida yorilib yotgan qovunu, shirinligi tanglayni yoradigan anjir, voyishlarda munchoqday osilib yotgan uzum-u daraxt shoxlari bilan o‘chakishganday savlat to‘kib osilib yotgan olma, anor, behilarning totli hidi doimo orom bag‘ishlab anqib turadi. Yoz bo‘ldimi, hammayoq shirin-shakar meva-chevaga to‘lib ketadi. To‘kin-sochin pishiqchilik boshlanadi. Samarqandning qadimiy nomi ham, ajoyib shuhrati ham ana shundan kelib chiqqan. Keksalar «Samari qand» (mevasi qand» deb bejiz aytishmaydi-da. Bobur ham buyuk Sohibqiron Temurbekning Bog‘i Bo‘ldu, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Naqshi jahon, Bog‘i Chinor, Bog‘i Shamol, Bog‘i Bihisht bog‘lari haqida ma’lumot berib, so‘lim va jannatmakon Bog‘imaydon haqida ko‘p va xo‘b yozgan.
Vatansiz odam hech kimi yo‘q, bechora, begona odamdir.
Mustaqillikning 20 yilligi oldidan ijodkor do‘stlarim, ustozlar davrasidagi shirin suhbatdan ruhlanib, dilimdagi borini “Bahs” gazetaning 2011 yil 26 avgustdagi 34 (554)-sonida “Ulug‘lardan ulug‘imsan, Vatanim” deb nomlangan maqolada izhor yetganman. O‘sha kunlarda “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi harakati yo‘lga qo‘yilgani, “Afrosiyob”ning tezligi - soatiga 250 kilometr, 2 soatu 10 daqiqada azim Toshkentga olib borishini faxrlanib yozgandim...
Mana o‘ttiz to‘rt yildirki, istiqlol shukuhining hayotbaxsh nuridan, faraxbaxsh kunlaridan bahra olib yashayapmiz. Istiqlol bizga iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy va ma’naviy jihatdan yangilanishning o‘ziga xos istiqbollarini ochib berdi. Tafakkurimiz kishanbandlikdan, vujudimiz esa mafkuraviy mutelikdan, tubanlikdan, e’tiqodimiz zo‘rma–zo‘rakilik iskanjasidan butunlay xalos bo‘ldi. Buning hammasi, albatta, istiqlol sharofatidir.
Bu yilgi Mustaqillikning 34 yilligi men uchun o‘zgacha. Mehnat faoliyatimga 40 yil to‘lib, bu faraxbaxsh dorilomon kunlarni ko‘rib, Ona Vatanni qanchalik sevgan bo‘lsam, yana shuncha kamdek, yana sevib, sevilib yashagim, ishlagim, butun borlig‘imni ana shu jannatmonand vatanga baxshida yetgim keladi.
Yaqinda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Ushbu qarorga asosan, eng aziz va eng ulug‘ bayram Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkaziladi.
“Ona diyor – ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar yuqori darajada o‘tkazilishi bilan har yilgidan ko‘ra yanada keng nishonlanadigan bo‘ldi.
Ha, bu yilgi bayram men uchun qo‘shaloq. Mehnat faoliyatimni 20 yildan ortig‘ini baxshida etgan, bu xalqparvar, yurakdan sevgan va mehrim boshqacha bo‘lgan ulug‘ dargoh, haqchil tashkilot – O‘zbekiston kasaba uyushmalarini 120 yilligi keng nishonlanadigan yil.
Mustaqillik - bebaho, noyob ne’mat. Ammo uning qadriga goh yetyapmiz, gohida yo‘q. Garchand Vatan haqida ko‘p asarlar yozib, behisob satrlar qoralab, tugamas kinolarda turli qahramonlar tomonidan Vatanni qadr-qimmati ochib berilgan bo‘lsa-da, baribir ona vatanni dildan ta’riflashga, uni borlig‘ingdan ham ko‘proq sevishga, joningni berishga talpinasan.
Vatanni jonu dilidan sevgan har qanday odamni o‘z so‘zi, dardi, o‘zgacha mehri bor. Men uchun Vatan, bu – ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz yashab o‘tgan muqaddas zamin! Bu muqaddas zamin uchun jon berish, o‘zingni fido qilish ham – sharafdir. 40 yillik mehnat faoliyatim davomida, shundan bevosita 34 yil birinchi rahbar bo‘lganim sababli tez-tez xizmat yuzasidan safarga, ayniqsa oxirgi 20 yil davomida har chorakda bir marotaba, gohida bir yilda kamida 4-5 marotaba azim Toshkentga, chorak yakuniga oid yig‘ilishlarga boraman. Ammo bir-ikki kun o‘tmay kindik qonim to‘kilgan ona shahrim Samarqandni, Bog‘imaydonni sog‘inaman.
Bolalik davrimdagi Bog‘imaydon bilan hozirgi Bog‘imaydon tubdan o‘zgarib ketgan. Bolta Ortiqovning chaylasi, shirin va diltortar suhbatlari, urush qatnashchisi, kolxoz brigadiri Rahmon Narziyevni dala shiyponi, sarhovuz, bog‘dagi uzum va olmalar, issiqxonada yetishtirilgan pomidor, karam nihollari ko‘chati, Obirahmat arig‘ini tiniq va zilol suvi-yu nonvoyxonalarda pishirilgan issiq nonning hidi bugun nafaqat menga, balki barcha tengdoshlarimga yetishmaydi. Umr Obirahmatning oqar suvi kabi qaytib oqmaydi. Ota-onamga o‘xshagan o‘nlab xalq ta’limi fidoyilari - na bir tuman-viloyat rahbarlarining tashakkurnomasi-yu, davlat va jamoat tashkilotlarini faxriy yorliqlari, unvonu nishonlari bilan taqdirlanmagan bo‘lsalar-da, bugun maktabda qo‘lini o‘nglab, hayot yo‘lini tanlashda yo‘l karsatganlari uchun ulardan minnatdor shogirdlar bisyor. Qalb va yurak amri bilan qo‘llari duoda bo‘lgan asilzodalar ko‘p.
Gap bir yorliq yo rag‘batda emas, eng asosiysi, yosh avlod barkamol avlod bo‘lib o‘zining munosib o‘rnini topib, oila poydevorini mustahkam yaratgani, tinch va osuda hayot hukmronligida, abadiyligida.
Ota-onam doimo “O‘g‘lim, yurting, oilang, kasbing va do‘stlaringga hech qachon xiyonat qilma”, deb uqtirar edilar. Ularning bu pandu nasihatlariga amal qilib kelyapman. Hamisha yuzim yorug‘, kam bo‘lganim yo‘q.
Yaqinda Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis senati a’zosi Rustam Xolmurodovning “Ishonch” gazetasida e’lon qilingan “Bugungi ziyolilarning yuragi jadidlarniki kabi og‘rimayapti” degan maqolasini o‘qidim. Vatan o‘sha, gullab yashnayaptiki - taraqqiyotni alangasi, mash’ali porlab turibdi. Lekin haqiqatan ham jadidlar kabi yonib-yashayotgan Vatan fidoyilarini yuragi bugun boshqacha, o‘zgacha og‘riyapti.
Yurak og‘risin. Bozor munosabatida birinchi o‘ringa pul omili chiqadi. Ya’ni, pul bo‘lgan joy rivojlanib ketaveradi. Shunga javoban - yurak og‘risin deyman, yurak boshqacha ursin. Hamma narsani pulu molu davlatga qiyoslamay, Vatanni yurakdan sevsin, yurak jadidlarniki kabi og‘risin, ursin, degim keladi.
Molu davlat, pul bo‘lmasa ham Vatanni - ona zamin - yurtni borlig‘ing bilan sev. Vatanni - onasini - yurtini sevgan insonga hech narsa kerak emas. Chunki u bechora, qashshoq, begona vatangado bo‘lib qolmaydi. Niyat pok va xolis bo‘lmog‘i darkor.
Yosh o‘taverib, qancha ulg‘ayversak ham shu savol hamisha qiynaydi: Nimalar qildim, nimalarga erishdim, elga, millatga, yurtga nafim tegdimi, deb o‘zimga ko‘p savol beraman. Shukr, qo‘ldan kelguncha xizmat qildim.
Bu hamma maqsadimga to‘liq erishdim, degani emas. Farzand ota–onasiga qancha qaramasin, yaxshilik qilmasin, ularning oldidagi qarzini uzolmaydi.
Hali yurak yurib turar ekan, Vatanim, oldida juda ko‘p qarzim ko‘pligini bilaman. Muqaddas va tabarruk ona Vatanim koriga yarashga hamisha tayyorman.
Iftixor Rahimov.