Temurbekka beshik bo‘lgan zamin Qashqadaryo viloyatining buguniga nazar

Mamlakatimizning bu go‘shasi haqida gap ketganda, odatda cho‘lda joylashgan va tabiiyki, rivojlanishdan ortda qolgan hudud sifatida qaraladi. Aslida ham shundaymi?

Jahongir Temur tug‘ilib o‘sgan viloyatga qilgan safarimiz davomida bu fikr noto‘g‘riligini, ayniqsa, keyingi 5-6 yilda hududda katta o‘zgarish va ijobiy yangilanishlar bo‘lganini ko‘rdik.

Qashqadaryo viloyatida boshqa hududlarga nisbatan neft-gaz sanoati birmuncha rivojlangan. Biroq olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, bu yerda sanoatning boshqa tarmoqlari, xususan, tekstil korxonalari ham jadal taraqqiy etmoqda.

Klasterlar uchun master-klass

"Sulton Tex Group" MChJ yurtimizda amaliyotga tatbiq etilgan klaster tizimi o‘zini oqlayotganiga yorqin misol deyish mumkin. Korxona klaster aslida qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib turibdi. Negaki, tadbirkorlik sub’yektida paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning to‘liq sanoat “zanjiri” yaratilgan.

Ma’lum qilishlaricha, besh yil muqaddam Qarshi shahrida ish boshlagan korxonada 7 million AQSh dollari evaziga yiliga 7,5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniga ega ip-yigiruv fabrikasi ishga tushirilishi bilan klasterga ilk poydevor qo‘yilgan. 2018 yilda qiymati 3 million AQSh dollariga teng trikotaj mato ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilib, 90 kishining bandligi ta’minlangan. Zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan to‘quv fabrikasida har yili 5 ming tonna mato tayyorlanarkan.

Darvoqe, xorij texnologiyalariga asoslangan korxona 50 ming tonna paxta xomashyosini birlamchi qayta ishlaydi.

Korxona negizida 2019 yilda ish boshlagan tikuvchilik fabrikasida 1400 nafar xotin-qizga doimiy daromad manbai bilan birga, yiliga 8 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish salohiyati yaratilgan. Sal avval korxonada ip-yigiruv fabrikasining ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, 20 million AQSh dollari jalb qilinishi hisobiga qo‘shimcha 350 ish o‘rni yaratilibdi.

"Sulton Tex Group" MChJ bu bilan cheklanib qolmayapti. Yangi-yangi loyihalar ustida ish boshlamoqda. Jumladan, guvohi bo‘lganimiz, har yili 30 ming tonna chigitni qayta ishlash imkoniga ega yog‘ zavodi 2020 yilda barpo etilgan. Bu yerda paxta yog‘i maxsus idishlarda qadoqlanib, ichki bozorga yetkazilmoqda. Korxonada zamonaviy urug‘chilik sexi ish boshlashi fermer xo‘jaliklarini sifatli urug‘ bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Sexda 20 ming tonnadan ortiq sara chigit urug‘likka tayyorlanadi.

E’tiborlisi, biz korxonada bo‘lganimizda yoniga asalari surati tushirilgan “Labo” rusumli avtomashinalar birin-ketin chiqib keta boshladi. Rost, hayratimizni yashirolmay, “Asal ham tayyorlaysizlarmi?”, deb so‘radik.

Ma’lum bo‘lishicha, klaster faoliyati shu bilan cheklanib qolmaydi. Kelgusi ikki yilda umumiy qiymati 26,5 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 4 ta istiqbolli loyihani ro‘yobga chiqarish, 1000 nafar kishining bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Jumladan, korxona tarmoqlari yana bir tikuv fabrikasi, shuningdek, bugun zaruratga aylangan bo‘yoq fabrikasi hisobiga boyiydi. 1000 bosh zotdor qoramol boqishga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik kompleksi hamda yiliga 6 ming tonna sut va 300 tonna go‘shtni qayta ishlash imkonini beruvchi loyihalar ham viloyat uchun yuqori ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Iqtisodiyoti 5 yilda 50 foizga o‘sadi

Qashqadaryo viloyati hokimligidan ma’lum qilishlaricha, bu ko‘rsatkichga erishish uchun aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Uning ijrosi o‘laroq, yaqin besh yil ichida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,5 baravar oshib, sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 baravar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 1,2 baravar, xizmatlar hajmi 2,9 baravar, qurilish ishlari hajmi 1,2 baravar ko‘payishi kerak.

Xususan, joriy yil yakuniga qadar Kitob tumanida  ishga tushiriladigan "Qarshi Conch Cement" xorijiy korxonasi Xitoy Xalq Respublikasining mashhur "Anhui Conch Cement Co LTD" kompaniyasi tomonidan 150 million dollar evaziga barpo etilyapti. 41 million dollar miqdorida investitsiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan korxonada 400 ta ish o‘rni yaratilarkan.

Bundan tashqari, vohada neft-gaz sohasiga aloqador yana bir loyiha yakuniga yetkazilib, Koson tumanidagi "Rapid Rise Technology" mas’uliyati cheklangan jamiyatida neft burg‘ulash uskunalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.  Koson tumanidagi boshqa bir sanoat korxonasi - "Bunyodkor" mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa yil davomida biryo‘la ikkita yirik ob’yektni ishga tushirish mo‘ljallanyapti. Ulardan bittasining qiymati 30,5 million dollarga teng bo‘lib, har yili qo‘shimcha 5,9 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkonini bersa, ikkinchisi - 33,4 million dollarlik to‘qimachilik kompleksi yiliga 2 million metr kvadrat gazlama, 1,6 ming tonna to‘qimachilik matosi va ming tonna momiq sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, dekabr oyida Muborak tumanida "Asia Max Muborak" MChJning yiliga 150 ming tonna oltingugurtni qayta ishlash quvvatiga ega 5 million dollarlik loyihasi ishga tushirilarkan. Shuningdek, Shahrisabz shahrida "Hisorakgidroqurilish" MChJ zamonaviy mebel ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi 3 million dollarlik loyihasini yakuniga yetkazadi.

G‘uzor tumanidagi "Guzar Parranda Klaster SJE" MChJ negizida 4 million dollar sarflanib, 500 ming bosh tovuqli parrandachilik klasteri 150 kishini ish bilan ta’minlashi rejalashtirilgan.

Qarshi shahridagi erkin iqtisodiy zonada Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bozoriga kirishni rejalashtirayotgan quyosh panellar  chiqaruvchi jahondagi yetakchi “Solar Finland” kompaniyasi bilan “O‘zbek-Fin” qo‘shma korxonasini ochish choralari ko‘rilayotgani esa vohada iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollaridan darak berib turibdi.

Keng va ravon yo‘llar

Samarqand shahrida bugun yo‘llarni ta’mirlash masalasida katta ishlar qilinyapti. Buni jamoatchilik turli xalqaro tadbirlar oldidan qilinayotgan ishlar, deb bilyapti. Qarshi shahrida bo‘lgan kishi aslida bu kabi bunyodkorlik ishlari mamlakatimizning barcha go‘shalarini qamrab olayotganini tezda ilg‘ashi tayin.

Shaharning ko‘chalari qashqadaryoliklarning ko‘ngli kabi keng. E’tiborli jihati, Samarqand shahridan farqli o‘laroq, deyarli barcha ko‘chalarda mashina qatnov qismi bilan piyodalar yo‘lagi yashil maydon bilan ajratilgan. Balki shu bois har qadamda taksi to‘xtatilmaydi. Biroq avtobuslar bu yerda ko‘hna kentdagidan ancha kamligi sezilib turibdi. Biroq aholiga nafaqat yurtimizda, balki xorijda ishlab chiqarilgan avtobuslar ham xizmat ko‘rsatyapti.

Darvoqe, yo‘l masalasida. Joriy yil ichki xo‘jalik yo‘llari holatini yaxshilash bo‘yicha 145,7 milliard so‘m mablag‘ evaziga 386,2 kilometr yo‘l ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, “Obod qishloq” va Obod mahalla” dasturlari doirasida 378,7 kilometr (70 kilometr beton yo‘l qurish, 97,2 kilometr asfaltobeton yotqizish va 211,5 kilometr shag‘al qoplama yotqizish) ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash ishlari uchun 139,6 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, dastur bo‘yicha 72,2 kilometr (1,2 kilometr beton yo‘l, 16,6 kilometr asfaltobeton yotqizish va 54,4 kilometr shag‘al qoplama yotqizish) ichki yo‘llar ta’mirlanib, 19,2 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan. Undan tashqari, joriy yilda 17 dona ko‘prikni to‘la ta’mirlash va qayta qurish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 60,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-22 aprel kunlari Qashqadaryoga tashrifi davomida ham avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlashga oid bergan topshriqlarining ijrosi bo‘yicha viloyatga yo‘l ishlari uchun qo‘shimcha 350,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Shu o‘rinda yana bir gap. Safarimiz davomida Qarshi shahridan tashqari, Yakkabog‘ va Kitob tumanlari, Shahrisabz shahrida bo‘ldik. Ahamiyatlisi, bu yerlarda ham piyodalar uchun alohida yo‘laklar bor. Va ular ham avtomobil qatnov qismidan yashil maydon bilan ajratilgan.

Yoqubjon Marqayev.

(Davomi bor)