Qo‘shni viloyatlarda nima gap?: “Ishchilarimga to‘lagan pulim bilan maqtanaman”

- Qarshi shahriga kelganlarga “Odina” masjidiga bir kirib o‘tishni tavsiya qilaman, - deydi shahar hokimi matbuot kotibi Umid Jabborov. - Negaki, uzoq tarixga ega bu maskan o‘ziga xos tarixga egaligi, bu esa o‘tgan kunlardan xulosa, bugungi kunga shukrona qilish uchun tugal asos bo‘la oladi.

Maskandagi yo‘lboshlovchilar ma’lumotlaridan Umid Jabborovning gaplari naqadar to‘g‘riligiga amin bo‘ldik.

Masjid, qamoqxona endi muzey

Tarixdan ma’lum, Qarshi bekligi Sohibqiron va undan keyingi davrlarda ham muhim strategik ob’yektlardan bo‘lgan. Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu qadimiy shaharda hamma vaqt ilm-fan, madaniyat taraqqiy etgan. Yigirmanchi asrning boshlarigacha Qarshi va uning atrofidagi 46 ta madrasa madaniyat va ma’rifat rivojiga xizmat qilgan.

Hozirgi kunda 46 ta madrasadan bor-yo‘g‘i uchtasigina saqlanib qolgan. Ulardan qamoqxona sifatida foydalanilgani uchun qoldirilgan. Bu obidalar orasida Sohibqiron bobomiz Amir Temur davrida qurilgan “Odina” masjidi eng qimmatlisidir.

Masjid haqida gap ketganda, avvalo, mustabid tuzum davrida milliy madaniyatimizga, ma’naviyatimizga qilingan xurujlarni eslamaslikning iloji yo‘q. Negaki, 1386 yilda Amir Temur tomonidan bunyod etilgan bu masjid rus bosqinchilarining shaharga kirib kelishi bilanoq to‘pga tutilishi oqibatida old ayvon qismi buziladi. Shunga qaramay, o‘tgan asrning 30-yillariga qadar bu yerda namoz o‘qilib, juma ibodatlari ado etib kelingan. Ammo chor hukumati 1930 yillarga kelib, ushbu muqaddas majmuani avvaliga omborxona, biroz o‘tib esa qamoqxonaga aylantirgan. Ikki-uch kishilik xonada bir necha o‘nlab mahbuslar saqlangani aytiladi.

Faqatgina Qarshi shahrining 2700 yilligi oldidan, aniqrog‘i, 2004 yilda hibsxona boshqa yerga ko‘chirilgan va “Odina” masjidi qayta tiklangan. Bu yer hunarmandlar markaziga aylantirilgan. Davlatimiz rahbari imzolagan hujjat asosida bu yerda 2018 yil Qarshi davlat universiteti huzuridagi Qatag‘on qurbonlari muzeyi ish boshladi.

Qayd etish lozimki, mustabid tuzum davrining ayovsiz zulmlariga guvoh bo‘lgan majmuada viloyatning aynan o‘sha davrdagi hayotini aks ettiradigan muzey tashkil etilishi har tomonlama ramziy ifodaga ega. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hududida besh mingdan ortiq madaniy meros ob’yekti mavjud. Istiqlol yillarida ularning deyarli barchasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ushbu manzillar viloyatning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Kass, Kise, Kash va Kesh

Milod boshlarida va ilk o‘rta asrlarda turli nomlar bilan atalgan Shahrisabz O‘zbekistondagi qadimiy shaharlardan biri. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, shaharga miloddan avvalgi 1 ming yillikning o‘rtalarida asos solingan.

Shaharda ilm-ma’rifat rivoj topishi natijasida “Koshiy, Keshiy” taxallusi bilan mashhur olim-fozillar yetishib chiqqanligi tufayli Kesh shahri “Qubbat ul-ilm val adab”, ya’ni “ilm va ta’lim gumbazi” degan sifat bilan shuhrat topgan.

Amir Temur va temuriylar davrida Shahrisabz ulkan saltanatning yirik shahriga, borlos amir va beklarining yozgi qarorgohiga aylantirilgan. Shahar atrofi qal’a devori bilan o‘rab olingan, Ispaniya elchisi Klavixo o‘z kundaligida Shahrisabzda ko‘plab mahobatli binolar va masjidlar borligini va yana qurilayotganligini ta’kidlaydi.

Sohibqiron Amir Temur Shahrisabz shahrida bir qancha obidalar barpo ettirgan. Ulardan biri – Oqsaroyning qurilishi 1380 yilning bahorida boshlanib, 1404 yilgacha davom etadi. 

Klavixoning yozib qoldirgan qo‘lyozmasiga asosan, Oqsaroy balandligi va kattaligi jihatidan o‘sha davrda yagona ekanligi, portallarning balandligi 71 metr, kengligi esa 125x250 metr, ya’ni 4 gektar bo‘lib, saroyning ichi barcha shart-sharoitlari, xonalarning ichki bezaklari bir-biridan ajralib turgan. Ichki binolar ikki qavatda bo‘lib, 1000 ga yaqin xonalar mavjud bo‘lgan. Hozirgi kunda Oqsaroyning faqatgina kirish qismi, ya’ni portallari saqlanib qolgan. Portallarning hozirgi balandligi 38 metrni tashkil etib, kattaligi jihatidan Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.

Boshqa hududlar kabi mustaqillik yillarida Shahrisabz tom ma’noda qayta tiklanib, qurilish, milliy o‘zlikni anglash, asriy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni zamon talablari asosida rivojlantirishga yuz ochdi. Xususan, Oqsaroy majmuasi atrofidagi maydon kengaytirilib, Chorsu bozori, Ko‘kgumbaz, Dorut-tilovat, Dorus-saodat obidalarini bog‘lovchi so‘lim xiyobon barpo etildi.

Darvoqe, muassasa xizmatchilari bilan suhbatlasharkansiz, Shahrisabzda 2018 yilda o‘tkazilgan xalqaro maqom festivali shaharni xalqaro jamoatchilikka keng tanitishga xizmat qilganini ta’kidlaydi.

Gastronomik sayyohlik yoki Qarshidagi Tojmahal

Vohada chorva, xususan, qo‘y-echki respublikamizning boshqa hududlariga nisbatan ko‘pligi ayon. Shu bois bu hudud aholisi ko‘p go‘sht iste’mol qilishi haqida turli latifalar ham o‘ylab topilgan. Ammo haqiqat shuki, viloyatda gastronomik sayyohlik ham jadal rivojlanib bormoqda.

Safarimiz davomida Qarshi ko‘prigi va bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdik. O‘z navbatida, Zarafshon daryosining Samarqand shahridagi Qorasuv massiviga yondosh hududida amalga oshirilayotgan ishlar mohiyatini anglagandek bo‘ldik. Chunki Qarshi ko‘prigi obida sifatida ko‘pchilikni jalb qilmasligi mumkin. Ammo uning ostidan o‘tgan daryo suvining sun’iy to‘siqlar bilan to‘plangani, sohilda dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ajib taassurotlar uyg‘otadi. Tabiiyki, bu yerga tashrif buyuruvchilar sonini oshiradi.

Sohil bo‘yida madaniy hordiq chiqarish bilan birga, turli shirinliklardan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Va asosiysi, ko‘prikdan 1000 metrlar chamasi uzoqlikdagi Chorsu choyxonasiga (oshxona yoki restoran emas) kirmaslikning iloji yo‘q. 

- Bu yerda pishirilgan tandir go‘shti respublikamizning barcha hududlariga jo‘natiladi, - deydi hamrohim – “Qashqadaryo” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Botir Temirov. – Yigitlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi, ya’ni savdosi juda yaxshi. Bundan 4-5 yil avval ish boshlaganlarida ikki xonali pastqam binoda xizmat ko‘rsatishardi. Bugun, qarang, baland choyxonaning Tojmahaldan farqi yo‘q.

Rost, yangi bino juda did bilan qurilgan. Ammo mening e’tiborimni boshqa narsa tortdi. Choyxonaga kirishda “Yigit-qizlarni ishga taklif qilamiz, oylik 5 million so‘m”, deb yozilgandi.

Ishchilarimga to‘lagan pulim bilan maqtanaman”

Qarshi shahrida xizmatlar narxi Samarqanddagidan biroz arzonroqdek tuyuldi. Chunki ko‘hna kentda taksichi 5 ming uzatsangiz, 2 ming so‘m qaytim bermaydi. O‘sha pulga pechda pishirilgan bir dona somsa tanovul qilishingiz ham mumkin.

Yana bir ahamiyatli jihati, biz kirgan mehmonxonalarda aft-angorimizga qarab muomala qilishmadi, sharoitimizni tushunib, to‘g‘ri maslahat berishdi.

- Keyingi ko‘chaga o‘tib, sharqqa tomon yursangiz, otel emas, hostel bor.

Shunday munosabatdagi to‘rt yulduzli mehmonxonalardan birining rahbari bilan suhbatlashib qoldik. Mahallada hokim yordamchisi bo‘lib ishlaydigan tadbirkor ism-sharifini oshkor qilmasligimizni so‘radi.

- Milliarder tadbirkorlardan birning “Qimmat mashinam, zamonaviy uyim bilan emas, ishchilarimga ko‘proq yordam berganim, ularga boshqalardan ko‘ra yaxshiroq to‘laganim bilan faxrlanaman,” degan gapi bor, - deydi u. – Buni men o‘zimga shior qilib olganman. Shu bois odamlarga xalqqa ko‘proq xizmat qilishni asosiy maqsadim deb bilaman.

Faoliyati haqida ma’lumot olarkanmiz, istarasi issiq, ayni damda samimiy bu inson bilan avvaldan qadrdondek his etdik o‘zimizni. To‘rt yulduzli mehmonxona qurgach, oddiy odamlarga qulay bo‘lsin, deb barcha sharoitga ega, arzon mehmonxona qurish hammaning ham xayoliga kelmaydi. Kamiga tadbirkor tikuvchilik fabrikasi qurib, 20 turdan ziyod kiyim-kechak tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. Narxi arzon mahsulotlar otel va mehmonxonada ham sotilyapti. 

Ha, Nasafiydek allomalar, Amir Temurdek sarkardalarga beshik bo‘lgan vohadan bir olam taassurot oldik. Mavridi bilan uning qolgan qismlarini ham e’lon qilib boramiz.

Yoqubjon Marqayev.