Anjir qarishning oldini oladi

Ayni kunlarda bu meva g‘arq pishgan, mutaxassislar anjirni sarxil holida yeyishni tavsiya qiladi.
Anjir quritilganda konsentrasiyasi sezilarli darajada oshadigan turli vitamin va mikroelementlarga boy hisoblanadi. Shu bilan birga, quritilganda shakar va kaloriya miqdori 5 karra ortadi.
Shuningdek, anjir organizmdagi jarayonlar — metabolizm, qizil qon tanachalarining paydo bo‘lishi, neyromediatorlar va biriktiruvchi to‘qimalarning ishlab chiqarilishi uchun muhim bo‘lgan misning ham konidir.
Bundan tashqari, anjir ko‘p miqdorda B6 vitaminini ham o‘z ichiga oladi. Ushbu vitamin organizmning aminokislota va oqsillarni parchalab, ulardan energiya olishga yordam beradi, asab tizimi faoliyatida muhim rol o‘ynaydi va qarishning oldini oladi.
Yoshlikni saqlanishida ahamiyatli bo‘lgan, hujayralarni shikastlanishdan himoya qiluvchi va ajin tushishi hamda giperpigmentasiyaning oldini oluvchi antioksidantlarning ham manbaidir.
Anjirni muntazam ravishda iste’mol qilish yurak-qon tomir tizimi uchun foydali. O‘tkazilgan tadqiqotlarda ushbu meva iste’molidan keyin organizmdagi yomon xolesterin miqdori kamayishi aniqlangan.
Ushbu shirin meva tarkibida kletchatkalar mo‘l bo‘lgani sabab ham u oshqozon hazm tizimi uchun ahamiyatlidir. Anjir ichaklar perestaltikasini yaxshilaydi va hazm tizimi bilan bog‘liq ba’zi kasalliklarning oldini oladi.
Tarkibida shakar va kislota mavjudligi sabab anjir ham boshqa mahsulotlar singari allergik reaksiya keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois avval anjir yeb ko‘rmagan kishilarga birdaniga ko‘p miqdorda iste’mol qilmaslik va organizmda javob reaksiyasi bor yoki yo‘qligiga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.