Mustaqillikka 34 yil: Vatan va Vijdon

Insonga ota-onani va Vatanni tanlash imkoniyati berilmagan. Dunyoga kelgan va kindik qonimiz to‘kilgan manzil Vatan hisoblanadi.
Xuddi, ota-onani norizo etib bo‘lmaganidek, Vatanni ham yomonotliq qilishdan saqlanish kerak. Vatan mustamlaka yoki mustaqil bo‘ladimi, buning ahamiyati yo‘q. U baribir Vatanligicha, muqaddasligicha qolaveradi.
Islom ta’limotida ota-ona kabi Vatan ham ulug‘lanadi. Musulmon kishi Vatanga nisbatan turli bo‘htonlar, gina-kuduratlar, noroziliklar bildirishdan qaytariladi.
Marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining murakkab hayot yo‘li ham bunga yorqin misoldir. U kishi vaziyat taqozosi bilan bir necha yillar xorijda yashashga majbur bo‘ladi. Dunyoga mashhur ulamo musofirlikda o‘tkazgan kunlarida Vatanimiz haqida bir og‘iz ham salbiy fikr bildirmaydi. Hatto bunga chaqirilsa-da keskin rad javobini beradi. Bu olimning ishi emasligini qat’iy bildiradi. Sinovlar ortda qolib Vatanga qaytish imkoniyati paydo bo‘lishi bilan yurtni ixtiyor etadi. Vatandoshlari bilan yorug‘ yuz ila diydor ko‘rishadi. Mana ibrat. Mana salohiyat. Alloh ul zotni rahmatiga olsin!
Inson hayoti turli sinovlardan, baland-pastliklardan iborat. Nima bo‘lganda ham ota-ona va Vatan nomiga ehtiyotkorona yondashish zarur.
Bir o‘ylab ko‘ring, ota-onasi va Vatanidan kechgan, noligan odamdan nima kutib bo‘ladi? Bundaylar uchun muqaddas yana nima bor?
Mening nazarimda qanday ahvolga, vaziyatga tushishimizdan qat’iy nazar, avvalo, Yaratgandan, keyin Vatandan, ota-onadan norizo bo‘lishga haqimiz yo‘q. Alloh barchamizni bunday yuzi qoralikdan asrasin.
Xizmat taqozosi bilan xorijda ko‘p bo‘lishga to‘g‘ri keladi. To‘g‘risini tan olish kerak, qanday yaxshi sharoitda bo‘lishimizdan qat’iy nazar kun sanayman. Tezroq Vatanga qaytishga intilaman.
Hayot bor ekan, muammolar, kamchiliklar bor. Aslida ularni bartaraf etish ham o‘zimizning qo‘limizda.
Vatan aybdor emas.
Adolatsizlik nimaligini, uning yuki qanchalik og‘ir ekanligini biz singari katta avlod vakillaridan so‘rash kerak. O‘z tanamda sinab ko‘rganman. Lekin, Vatanimga bo‘lgan muhabbat hech qachon so‘nmagan.
2016 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev inson qadri degan bebaho ne’matni bizga qaytarib berdi. Tuproqqa teng bo‘lgan qadr. Toptalgan qadr. Tushovlangan qadr. Xo‘rlangan qadr... Jamiyatdan chiqarib yuborilganlar, yakkalanganlar, haq-huquqlari poymol bo‘lganlar, dodini kimga aytishni bilmay yurganlar yarasiga malham qo‘ydi.
Og‘ir, qiyin davrlarda ham Vatan, ota-ona kabi ulug‘ tuyg‘ularni qalbimizning eng to‘riga joylashimiz zarur. Vatan oldidagi burch va mas’uliyat abadiy qoladi. Ajdodlardan avlodlarga o‘tadi…
Chingiz Aytmatovning «Qiyomat» romanida “Oltovlon va yettinchi” nomli hikoya keltiriladi: “Ko‘p o‘tmay hammamiz begona yurtlarga tarqalib ketamiz. Peshonada borini ko‘ramiz. Kelinglar, ona-Yerimiz bilan, noni-tuzimiz bilan xayrlashaylik. Vidolashgach, harkim o‘z yo‘liga ketadi. Biz o‘zimiz bilan tariqcha narsa olganimiz yo‘q. Vatanni olib ketib bo‘lmaydi. Faqat sog‘inch va armonlarimizni olib ketamiz…”
Oltovlon va yettinchi garchi Vatandan ayro tushayotgan bo‘lsa-da, Vatanning muqaddasligiga daxl qilmaydi. Vatan bizni sig‘dirmadi, demaydi. Ular na Vatanidan, na vatandoshlaridan nolishmaydi. Balki mardlarcha qaror qabul qilishadi. Shu kichik bir epizodda ham, olam-olam ma’no mujassamlashgan.
Vatandan tashqarida Vatan yo‘q. Insonning ota-onasi ham, Vatani ham yagona bo‘ladi. Bu borada bahslashish yaramaydi.
Men Vatani haqida bo‘lar-bo‘lmas gaplar tarqatayotganlarga achinaman. Kimlarnidir nog‘orasiga o‘ynayotganlar ojiz, notavon kimsalardir.
Vatani haqida bir noxush xabarni kutayotganlar, Vatanni muammolarini oshkor qilayotganlar, Vatan haqida turli xil ig‘vo va bo‘htonlarni bor ovozi bilan aytayotganlardan hazar qilaman.
Vatan so‘zi bilan vijdon so‘zi yonma-yon qo‘yilishi, birga turishi zarur. Vatan haqida gapirayotganingizda vijdoningizni o‘rtaga qo‘ying. Ajodlaringizni, avlodlaringizni tavqi lan’atda qoldirmang.
Bu Vatan kimlarni ko‘rmagan. Kimlar o‘tmagan bu zamindan. Lekin Vatan mangu qolgan.
Ulug‘ ajdodlarimiz merosini o‘rganayotgan olimlarimiz, ularni o‘z Vatani haqida yomon fikr bildirmaganliklariga e’tibor qaratishadi.
Garchi, qanchadan-qancha ulug‘larimiz Vatandan uzoqda, o‘zga yurtlarda yashagan bo‘lsa-da, ba’zilari begona tuproqlarda qolib ketsa-da, doimo Vatanini ulug‘lagan. Vatanini qumsagan, sog‘ingan. Bunga ko‘hna tariximizda misollar juda ko‘p.
Har qanday gunohni kechirsa bo‘ladi. Faqat, Vatan va ota-ona oldida qilingan gunohdan tashqari.
Bu haqiqat mashhur kinorejissyor, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Zulfiqor Musoqoving «Vatan» filmida ham yaqqol nomoyon bo‘lgan.
“Vatan” filmida o‘g‘il otasiga savol beradi. Sizga nima berdi Vataningiz? Shu Vataningizni deb, o‘z nomingizdan, ota-onangizdan, uy-joyingizdan, sevgan yoringizdan ayrildingiz. Butun hayotingiz barbod bo‘ldi. Vatan deb jang qildingiz, qon to‘kdingiz, azob chekdingiz. Xo‘sh, Vataningiz nima berdi sizga? Shunda ota javob beradi: Vatan ham onaday, undan ta’ma qilish gunohi azim. Vatan, mana bu moviy osmon, mana bu yer, mana bu oqib turgan soy, mana bu keng dala…
“Vatan” filmini har gal ko‘rganimda bo‘g‘zimga achchiq ko‘z yosh tiqiladi. Vatan haqidagi tasavvurlarimdan ko‘nglim to‘lmaydi.
Vatanni yaxshi ko‘rmasdan hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Vatan sevgisi ilhom beradi, kuch beradi, qanot beradi.
Vatan bizdan emas, biz Vatandan qarzdorman.
Xorijga borib bilim olish, tajriba almashish muhim. O‘rgangan ilmlarimizni esa Vatan ravnaqi, taraqqiyoti yo‘lida sarflashimiz zarur.
Boy Vatanni, go‘zal Vatanni, farovon Vatanni orzu qilamiz. Lekin uni kim yaratishi kerak? Albatta, biz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xorijda ishlayotgan qanchadan-qancha yurtdoshlarimizni Vatanimizga chorladi. Ularni munosib ish, yetarli maosh bilan ta’minladi. Buning natijasida ilm-fanimizga xorijning ilg‘or yutuqlari bevosita kirib keldi. Qisqa vaqtichida ular o‘zlarining ilmiy maktablarini ham yaratishga kirishdi. Chetdan qaytib kelganlarni rag‘batlantirish tizimi paydo bo‘ldi. Bundan Vatanimiz ham vatandoshlarimiz ham yutdi, deb hisoblayman.
Har bir inson taqdir hukmi bilan qayerda yashashidan qat’iy nazar uning qalbida Vatani bor. Vataniga baxshida etadigan mehri bor, muhabbati bor. Farzandlik burchi va vazifalari bor.
Bugungi kunda bizning yaqin hamkorimiz Kaliforniya universiteti professori, biologiya fanlari doktori, Nyu-York fanlar akademiyasi, Amerika hujayra biologiyasi, mikrobiologlar hamda xalqaro OITS jamiyatlarining a’zosi, asli o‘zbekistonlik Sharof To‘g‘izovning hayot yo‘li ham bunga misol bo‘la oladi. U 35 yildan beri AQShda yashaydi. 2023 yilda Samarqand davlat universiteti talabalari va ularning ota-onalari uchun “O‘zingizga ishoning” nomli film tayyorlandi. Filmda oddiy oiladan chiqib, bilim, ta’lim olish orqali yuqori natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yo‘li aks ettirilgan. Mazkur filmni tayyorlashda Sharof To‘g‘izov bilan aloqa o‘rnatdik. Bugungi kunda olim biz bilan hamkorlikda katta ilmiy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Samarqand davlat universiteti professori, kimyo fanlari doktori, «Shuhrat» medali sohibi Xurshid Bozorov Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon texnika fizika-kimyo institutida 10 yilga yaqin ishladi. U 2022 yil Samarqandga qaytib keldi. Katta maosh, qulay sharoitni tashlab Vatanga intildi. Bilim va kuchini Vatan rivojiga bag‘ishlashga ahd qildi. Uning tashabbusi bilan Samarqand davlat universitetida saraton kasalligiga qarshi dori vositalari yaratish laboratoriyasi tashkil etildi. Mazkur amaliy loyihani bajarish uchun Innovatsion rivojlanish aganetligining 8 milliard so‘mlik grantini qo‘lga kiritdi. Bugungi kunda 4 nafar xitoylik olim ushbu laboratoriyada hamkorlikda tadqiqot olib bormoqda. Shuningdek, bir qator davlatlardan kelgan hamkorlik takliflari o‘rganilmoqda. 7 nafar samarqandlik tadqiqotchilar PhD va DSc dissertatsiyalarini himoya qilish uchun ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Jahonning eng mashhur fizik olimlaridan biri, asli o‘zbekistonlik Anvar Zohidov AQSh fuqarosi. 30 yildan buyon Amerikada yashaydi. Amerika fizika jamiyati a’zosi, Dallasdagi Texas universiteti qoshidagi Nanotexnologiya instituti direktori o‘rinbosari, ITMO universiteti gibrid nanofotonika va optoelektronika laboratoriyasi hamrahbari...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan 2023 yilda Anvar Zohidovga “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” unvoni berildi. Bundan ruhlangan olim xuddi shu yili Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, Kvant markaziga ilmiy rahbarlik qilmoqda.
Anvar Zohidov rahbarligidagi Samarqand davlat universiteti Kvant markazi xodimlari joriy yilning avgust oyida Jahon banki MUNIS fondining 600 ming AQSh dollari miqdoridagi WB BIRD hamda noyabr oyida 200 ming AQSh dollaridagi PRIM grantini qo‘lga kiritdi.
Anvar Zohidov Samarqanddagi suhbatlarimizdan birida shunday degan edi:
- Men o‘ttiz yil davomida Vatan sog‘inchi bilan yashadim. Qayerda bo‘lsam ham qalbim Vatanimda, O‘zbekistonda edi. Ona yurtimni jon-dilimdan yaxshi ko‘raman. Taqdir ekan. Ancha yil uzoqda bo‘ldim. Prezident Shavkat Mirziyoyevning vatanparvarligi, millatparvarligi, ilmparvarligi, mehri meni yuragimni yana qayta O‘zbekistonga olib keldi. Onadan yangi tug‘ilganday bo‘ldim. Alloh qancha umr bersa Vatanimga xizmat qilaman. Vatanim oldidagi farzandlik burchimni o‘tayman. Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekistonida ilm-fanning ulkan kashfiyotlari yaratilishiga ishonaman...
Maqolamizni bejiz Vatan va Vijdon deb nomlamadik. Mening nazarimda Vatan haqida yozayotganimizda, gapirayotganimizda o‘rtada albatta VIJDON turishi kerak.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi.
***
P/s: Bugun zamonamizning yetuk olimi, jamoat arbobi Rustam Ibragimovich Xolmurodovning tug‘ilgan kuni.
R.Xolmurodov 1949 yil 16 avgustda Samarqand shahrida tavallud topgan. 1972 yil Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini sanoat-fuqarolik qurilishi mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan.
Mehnat faoliyatini 1977 yil Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti temirbeton vatosh qurilmalari kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchisi vazifasidan boshlagan. Ko‘p yillar ta’lim sohasida faoliyat yuritgan.
2003-2004 yillarda Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlagan.
Rustam Xolmurodov 2016 yildan buyon Samarqand davlat universiteti rektori.
2017 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan. 2022 yilda “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.